


Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamda Yagona umumrespublika protsessing markazi — UZCARD rahbarlari ishtirokida haftaning payshanba kuni "Yoshlar kuni" munosabati bilan bitiruvchi talabalar ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda bitiruvchi talabalar bilan samimiy suhbat o‘tkazilib, bugungi kunda ularning bandligini ta’minlash borasida yaratilgan keng imkoniyatlar, xususan UZCARD kompaniyasida faoliyat olib borish istagidagi universitet bitiruvchilari uchun mavjud shart-sharoitlar bilan tanishtirildi. Shu bilan birga talabalarga "UZCARD Academy" dasturi to‘g‘risida ham batafsil ma’lumot berildi.
UZCARD Academy — 4,5 oy davom etadigan intensiv ta’lim dasturi bo‘lib, u IT va fintex sohasida yosh mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan. Tadbir davomida 100 nafar eng saralangan nomzod kompaniya hisobidan to‘liq bepul ta’lim olish imkoniyatlariga ega bo‘lishi haqida yaqindan tanishtirildi.
Shuningdek, ishtirokchilar real fintex loyihalar, amaliy mashg‘ulotlar hamda soha ekspertlari bilan ishlash orqali qimmatli tajriba orttirishlari mumkinligi ta’kidlandi. Bundan tashqari, dastur bitiruvchilari uchun mamlakatdagi yetakchi fintex kompaniyalaridan birida karyerasini boshlash imkoniyati mavjudligi ham qayd etildi.