28-30 oktyabr kunlari Urganch shahrida ilk marotaba talabalar oʻrtasida matematika fani boʻyicha Muhammad al-Xorazmiy nomidagi xalqaro olimpiadasi oʻtkazildi. Ushbu olimpiadada TATU Dasturiy injinering fakulteti 314-16-guruh talabasi Joʻrayev Xurshid Adham oʻgʻli ishtirok etib, oltin medalni qoʻlga kiritdi.
Ushbu xalqaro olimpiada Oʻzbekistonda birinchi marta oʻtkazilib, undadunyoning 20 mamlakatidan 234 talaba ishtirok etdi. Olimpiada nizomiga koʻra, ishtirokchilarga algebra, matematik tahlil, geometriya, kombinatorika yoʻnalishlariga oid beshta matematik masalalar va ularni yechish uchun besh soat vaqt berildi. Har bir masala yengil, oʻrta, ogʻir daraja asosida ball bilan baholandi. Olimpiada jarayonini matematika boʻyicha jahonda taniqli xalqaro ekspertlar, Oʻzbekiston va bir qator xorijiy oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilaridan iborat hakamlar hayʼati kuzatib bordi.
Eslatib oʻtamiz, ushbu nufuzli xalqaro olimpiadani tashkil etish tashabbusi Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017 yilning sentyabrida Ostona shahrida boʻlib oʻtgan Islom hamkorlik tashkilotining Fan va texnologiyalar boʻyicha birinchi sammitida ilgari surilgan hamda sammit ishtirokchilari tomonidan qabul qilingan edi. Mazkur xalqaro olimpiada har ikki yilda bir marta oʻtkaziladi. Xalqaro olimpiadada gʻolibliklikni qoʻlga kiritgan Oʻzbekistonlik talabalarga matematika, fizika, axborot texnologiyalari yoʻnalishlari boʻyicha magistraturaga kvotadan tashqari davlat granti asosida oʻqishga kirish huquqi beriladi.