Oliy ta’lim muassasalarining magistraturasiga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom

  • Home
  • Oliy ta’lim muassasalarining magistraturasiga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom

Oliy ta’lim muassasalarining magistraturasiga qabul qilish tartibi to‘g‘risida
NIZOM

I. Umumiy qoidalar

1. Ushbu Nizom «Ta’lim to‘g‘risida» va «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq oliy ta’lim muassasalarining magistraturasiga (keyingi o‘rinlarda Magistratura deb yuritiladi) talabalarni qabul qilish tartibini belgilaydi.

Ushbu Nizom harbiy ta’lim muassasalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

2. Magistraturaga qabul oliy ta’lim muassasalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan davlat grantlari va to‘lov-kontrakt asosida qabul kvotalariga muvofiq amalga oshiriladi.

3. Magistraturaga qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi (keyingi o‘rinlarda — Davlat komissiyasi) tomonidan kirish sinovlari natijalariga ko‘ra, to‘plangan ballarning reyting tizimi bo‘yicha amalga oshiriladi.

Magistraturaga qabul tegishli ta’lim yo‘nalishi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan belgilangan turdosh (magistraturaga qabul bo‘yicha) oliy ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati bo‘yicha bakalavr darajasiga yoki diplomli mutaxassis malakasiga ega bo‘lgan shaxslar o‘rtasida tanlov asosida amalga oshiriladi.

Bakalavr darajasiga yoki diplomli mutaxassis malakasiga ega bo‘lgan shaxslar turdosh ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxatidagi ixtisosliklarning birida tanlovda qatnashish huquqiga egalar.

Magistraturaga qabul barcha uchun (ham grantlar, ham to‘lov-kontrakt bo‘yicha) teng huquqlilik, yagona qabul qoidalari va yagona tanlov asosida amalga oshirilib, kirish sinovlarida eng yuqori ball to‘plagan abiturientlarning davlat grantlari bo‘yicha birinchi navbatda qabul qilinish huquqi ta’minlanadi. Qolgan abiturientlar ballar reytingi asosida belgilangan to‘lov-kontrakt kvotalari doirasida qabul qilinish huquqiga egadirlar.

Tanlov har bir oliy ta’lim muassasasi bo‘yicha magistrlik mutaxassisligi, o‘qitish tili va shakliga ko‘ra alohida o‘tkaziladi.

4. Kirish sinovlari uch tilda — o‘zbek, rus, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidagi oliy ta’lim muassasalarida qoraqalpoq tillarida o‘tkaziladi.

Magistraturada o‘qitish tili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan qabul ko‘rsatkichlari doirasida hujjatlar qabul qilinishiga qadar vazirliklar va idoralar tomonidan belgilanadi va Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.

5. Abiturientlar magistraturaga kirish sinovlarini oliy ta’lim muassasasida o‘qiydigan tilda topshiradi.

6. Magistraturaga qabul qilish ishlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan belgilanadigan tartibga muvofiq joriy o‘quv yili uchun tayinlangan oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi zimmasiga yuklanadi va magistraturaga qabul qilish ishlari bo‘yicha qabul komissiyasi mas’ul kotibining o‘rinbosari tayinlanadi.

7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari va nomli davlat stipendiyalari sovrindorlari oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga bakalavriatning ta’lim yo‘nalishiga mos mutaxassisliklarga tanlovdan tashqari davlat granti asosida qabul qilinadilar.

II. Xorijiy fuqarolarni qabul qilish

8. Magistraturaga xorijiy fuqarolarni qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Xorijiy fuqarolarni O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish va o‘qitish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida» 2008 yil 4 avgustdagi 169-son qarori hamda

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari asosida amalga oshiriladi.

III. Hujjatlarni qabul qilish tartibi

9. Magistraturaga kirish imtihonlari boshlanishidan bir oy avval, oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi magistraturaga qabul qilish muddatlari, mutaxassisliklar nomlari va ajratilgan o‘rinlar haqidagi axborotni belgilangan tartibda e’lon qiladi.

10. Magistraturaga kirishda abiturientlar (bakalavr darajasiga ega bo‘lganlar, diplomli mutaxassislar) oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:

  • magistratura mutaxassisligi ko‘rsatilgan holda, oliy ta’lim muassasasi rektori nomiga ariza;
  • oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatning asl nusxasi (yoki diplomdan ko‘chirma — O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarini davlat granti bo‘yicha o‘qib tugatganlar uchun) hamda unga ilova;
  • 3.5 x 4.5 hajmdagi 6 dona rangli fotosurat;
  • 086-U — shakldagi tibbiy ma’lumotnoma;

11. Hujjatlar 1 iyuldan 30 iyulgacha qabul qilinadi.

12. Hujjatlar taqdim etilishi jarayonida abiturientlar pasport va harbiy xizmatga aloqadorlik haqidagi hujjatlarini shaxsan ko‘rsatadilar.

13. Ko‘rsatib o‘tilgan hujjatlar mavjud bo‘lganda oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi abiturientning hujjatlarini qabul qilishni rad etishga haqli emas.

IV. Kirish sinovlari

14. Magistraturaga kirish sinovi umumiy ballari quyidagilardan tashkil topadi:

  • magistraturaga kirishda tanlagan mutaxassislik bo‘yicha bilim darajasini belgilovchi maxsus fanlardan sinov o‘tkaziladi (baholash mezoni 0 balldan 150 ballgachani tashkil etadi);
  • demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti asoslari bo‘yicha sinov o‘tkaziladi (baholash mezoni 0 balldan 50 ballgachani tashkil etadi).
  • Oliy ta’lim muassasasi bitiruvchisining umumiy reytingi yoki o‘zlashtirish ko‘rsatkichi (o‘zlashtirish tegishli ravishda 55 balldan 100 ballgacha bo‘lgan diapazonda ifodalanadi) aniqlanadi.

Magistraturaga o‘qishga kirishda eng ko‘p to‘planishi mumkin bo‘lgan (maksimal) ball — 300 ni tashkil etadi.

15. Abiturientlar quyidagi fanlardan yozma (yoki ijodiy) kirish sinovlari (maxsus test sinovlari) topshiradilar:

  • magistratura mutaxassisligiga muvofiq keluvchi ta’lim yo‘nalishining maxsus fanlari;
  • demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti.

16. Kirish sinovlari (maxsus test sinovlari) o‘tkazish shakli va fanlar bo‘yicha sinov dasturlari hamda abiturientlarning bilimlarini baholash mezonlari oliy ta’lim muassasasining rektori tomonidan tegishli vazirliklar, idoralar va O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi va kirish sinovlari boshlanishidan bir oy avval abiturientlar e’tiboriga yetkaziladi.

Demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti kursi bo‘yicha yagona dastur va baholash mezonlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlanadi va tegishli oliy ta’lim muassasalariga yetkaziladi.

17. Kirish sinovlari (maxsus test sinovlari) 3 - 10 avgust kunlari o‘tkaziladi.

18. Kirish sinovlari (maxsus test sinovlari) o‘tkazilishiga qadar, oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi tomonidan sinov fanlari bo‘yicha maslahatlar tashkil etiladi. Maslahatlar jadvali oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi tomonidan ishlab chiqiladi va rektor tomonidan tasdiqlanadi.

19. Kirish sinovlarini o‘tkazish uchun rektorning buyrug‘i bilan har bir sinov fanlari bo‘yicha komissiyalar tashkil etiladi. Fanlar bo‘yicha komissiya raislari, oliy ta’lim muassasasining idoraviy bo‘ysunishiga qarab, vazirliklar va idoralar tomonidan tasdiqlanadi.

20. Sinov fanlari bo‘yicha komissiya tarkibi oliy ta’lim muassasasining yetuk va tajribali professor-o‘qituvchilari tarkibidan tashkil etiladi. Zarur hollarda uning tarkibiga boshqa oliy ta’lim muassasasining o‘qituvchilari ham jalb etilishi mumkin.

21. Sinov fanlari bo‘yicha komissiya raislari zimmasiga quyidagi mas’uliyat yuklanadi:

  • kirish sinovlari sifatli o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida komissiya tarkibiga malakali, talabchan va adolatli professor-o‘qituvchilarni jalb etish;
  • komissiya a’zolarining vazifalarini belgilash (maslahatlar berishni tashkil etish, imtihon savollarini tuzish, javoblarni baholash mezonlarini ishlab chiqish va boshqalar);
  • sinov jarayoniga rahbarlik qilish va nazorat etish.

22. Fanlar bo‘yicha sinovlarni o‘tkazish tartibi (o‘qituvchilarni auditoriyalarga taqsimlash, javoblarni shifrlash hamda tekshirish va hokazolar) oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi tomonidan belgilanadi.

23. Kirish sinovlarining natijalari, baholash mezonlariga muvofiq ball bilan belgilanadi va qaydnomalarga kiritiladi. Qaydnomalar fan bo‘yicha imtihon komissiyasining a’zolari, qabul komissiyasining mas’ul kotibi tomonidan imzolanadi va qabul komissiyasining raisiga taqdim etiladi.

24. Oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga qabul qilingan abiturientlarning sinov ishlari ularning shaxsiy hujjatlar yig‘ma jildlariga tikib qo‘yiladi.
O‘qishga qabul qilinmaganlarning sinov ishlari 6 oy davomida saqlanadi, so‘ng belgilangan tartibda yo‘q qilinadi.

25. Kirish sinovlari (maxsus test sinovlari)ni qayta topshirish man etiladi.

26. Oliy ta’lim muassasasida belgilangan tartibda apellyatsiya (norozilik) komissiyasining ishi tashkil etiladi.

Abiturient sinov natijasidan norozi bo‘lgan taqdirda, sinov natijalari e’lon qilingan vaqtdan boshlab 24 soat davomida sinov ishini apellyatsiya qilish haqidagi ariza bilan oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi raisi yoki apellyatsiya (norozilik) komissiyasi raisiga murojaat etishi mumkin. Apellyatsiya haqidagi arizani ko‘rib chiqish muddati ikki kundan oshmasligi lozim.

27. Magistraturaga ko‘zi ojiz abiturientlarni qabul qilish Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 3-ilovasiga muvofiq amalga oshiriladi.

V. Abiturientni to‘lov-kontrakt asosida qabul qilish va o‘qish uchun to‘lov tartibi

28. Magistraturaga to‘lov-kontrakt asosida qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilagan qabul kvotalari doirasida yagona qabul qoidalari asosida kirish sinovlarining ballar reytingi bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Abiturientlarni to‘lov-kontrakt asosida magistraturaga tavsiya etish to‘g‘risida Davlat komissiyasining qarori qabul qilingandan keyin oliy ta’lim muassasasi bilan yuridik yoki jismoniy shaxslar o‘rtasida belgilangan tartibda kontrakt rasmiylashtiriladi.

Belgilangan namunadagi kontrakt blankalari oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi tomonidan sinov natijalari e’lon qilingan kundan boshlab beriladi va yuridik shaxslar uchun rahbar va bosh buxgalter tomonidan imzolangan holda 3 nusxada, jismoniy shaxslar uchun 2 nusxada rasmiylashtiriladi.

Davlat komissiyasi tomonidan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etilgan abiturientlar uchun to‘lov har yili kontrakt shartlarida ko‘rsatilgan muddatlarda amalga oshiriladi.

Kontrakt shartlari va tomonlarning majburiyatlari, ularni amalga oshirish tartibi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

VI. O‘qishga qabul qilish tartibi

29. Davlat komissiyasining oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga qabul qilish to‘g‘risidagi qarori 20 avgustdan kechikmay qabul qilinadi va u oliy ta’lim muassasalarida 25 avgustga qadar abiturientlarni davlat grantlari bo‘yicha talabalar safiga qabul qilish haqidagi oliy ta’lim muassasalari rektorlarining buyruqlarini rasmiylashtirish uchun asos bo‘ladi.

Davlat komissiyasining oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga qabul qilish to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish yuridik yoki jismoniy shaxslar tomonidan o‘qish uchun belgilangan mablag‘ miqdori 15 sentabrdan kechiktirilmay, belgilangan tartibda o‘tkazilgandan so‘ng, oliy ta’lim muassasasining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi.

VII. Magistraturada o‘qish muddati

30. Magistraturada o‘qish muddati kamida 2 yil.

VIII. Yakunlovchi qoida

31. Mazkur Nizomda belgilangan masalalar bo‘yicha nizolar qonun hujjatlariga muvofiq hal qilinadi.