Mirzayan Mirzaaxmedovich Kamilov

  • Home
  • Mirzayan Mirzaaxmedovich Kamilov
Ism Sharifi: Mirzayan Mirzaaxmedovich Kamilov
Tug‘ilgan sana: 17-10-1936
Tug‘ilgan joyi: Toshkent
Ilmiy unvoni: Akademik
Ta’lim: N.E Bauman nomidagi Moskva oliy texnika bilim yurti
Yo‘nalish: Axborot texnologiyalari
Mutaxasisligi: Informatika,shu jumladan kompyuter tarmoqlari.

 

TARJIMAI HOL

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Mirzayan Mirzaaxmedovich Kamilov 80 yoshda. Mirzayan Mirzaaxmedovich - taniqli olim va fan arbobi hamda talantli tashkilotchi. U o‘zining 56 yillik ijodiy-ishlab chiqarish faoliyati davomida informatikaning nazariy asoslari, tizimli tahlil, boshqaruv, axborotni qayta ishlash, avtomatlashtirish va texnologik jarayonlarni boshqarish, matematik modellashtirish, hisoblash mashinalarining matematik va dasturiy ta’minoti kabi sohalarni rivojlantirishga hamda mamlakatimizda informatika fanini alohida fan maqomiga olib chiqishga salmoqli xissa qo‘shib kelayotgan yetakchi olimdir. M.M.Kamilov 1936 yilning 17 oktyabrida Toshkent shahrida ziyoli oilasida dunyoga keldi. U o‘zining professional faoliyatini 1960 yilda N.E.Bauman nomidagi Moskva Oliy texnika bilim yurtining «Hisoblash mashinalari» mutaxassisligi bo‘yicha imtiyozli diplom bilan bitirganidan so‘ng yo‘llanma orqali O‘zR FA Romanovskiy nomidagi matematika ilmiy tadqiqot institutining “Hisoblash texnikasi” bo‘limida katta muxandis lavozimidan boshladi. 


Mirzayan Mirzaaxmedovich 1967 yilda nomzodlik va 1974 yilda «Baholarni hisoblashga asoslangan yechim qabul qilish algoritmlarini qo‘llash usullari va nazariyasini ishlab chiqish» mavzusida Rossiya Fanlar akademiyasini Moskva shahridagi Hisoblash markazining ixtisoslashtirilgan kengashida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. 1977 yilda professor ilmiy unvoniga ega bo‘ldi. 1989 yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining muxbir a’zosi, 1994 yildan esa informatika ixtisosligi bo‘yicha xaqiqiy a’zosi bo‘lib saylandi.
Mirzayan Mirzaaxmedovich ko‘p qirralari ijodkor sifatida zamonaviy informatsion texnologiyalarni ishlab chiqishdagi dolzarb hamda amaliy masalalarini yechishdagi muhim nazariy va amaliy jihatlarini aniqlash, natijalar ishonchligini ta’minlash hamda amaliyotda qo‘llash uchun yaroqli shaklgacha olib borishi bilan ajralib turadi.  Modellashtirishda bunday yondashuv jarayon holatini tahlil qilish va maqbul qarorlar qabul qilish, turli darajadagi tizimlarni boshqarishni maromiga yetkazish, ishlash faoliyatini dasturlash va tashhislashda sezilarli darajada kengaytirish imkoniyatlarini beradi. Mirzayan Mirzaaxmedovichning “Qismiy pretsedentlikka asoslangan informatsion-tanib olish tizimlarining nazariyasi va ularni ma’lumotlarning intellektual tahlili uchun tadbiq qilish usullari” mavzusidagi timsollarni aniqlash nazariyasi bo‘yicha olib borgan fundamental tadqiqotlari tahsinga sazovordir. Uning g‘oyalari idroklashning tabiiyligi bilan bog‘langanki, bu qaror qabul qilishning zamonaviy usullari asosida tasodifiy axborotlarni oldindan baholash imkoniyatini yaratib beradi. Ushbu nazariy ishlar kimyoviy texnologiya, timsollarni aniqlash va boshqa ko‘pgina jarayonlarga qo‘llanilib, samarali natijalar olingan.

ILMIY FAOLIYAT

M.M.Kamilovning ilmiy va amaliy tadqiqotlari asosida 6 ta monografiya va 350 dan ortiq ilmiy maqolalar nashr qilindi.
Uning rahbarligida 17 ta doktorlik va 35 dan ortiq nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilindi.
Bundan tashqari M.M.Kamilov «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi»ni amalga oshirishda ham o‘zining ulkan hissasini qo‘shib kelmoqda. U Toshkent davlat texnika universitetida o‘zi tashkil qilgan (hozirda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti “Axborot texnologiyalarining dasturiy ta’minoti”) kafedrasida uzoq yillar rahbarlik qildi va talabalarga amallarni tadqiqi, ma’lumotlarni intellektual tahlil qilish kabi fanlardan o‘quv mashg‘ulotlari olib bormoqda.


Akademik M.M.Kamilov O‘zbekistan Respublikasi Fanlar akademiyasida vitse prezidenti, Tizimli tadqiqotlar instituti direktori lavozimlarida uzoq yillar samarali faoliyat olib borgan holda mamlakatimizda informatika fanining rivojlanishiga katta hissa qo‘shib kelmoqda.
Hozirgi kunda M.M.Kamilov Toshkent axborot texnologiyalari universiteti huzuridagi Dasturiy mahsulotlar va apparat-dasturiy majmualar yaratish markazida “Timsollarni aniqlash” laboratoriyasi mudiri, Markaz ilmiy va maxsus kengashlarining a’zosi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va koommunikatsiyalarini rivojlantirish Vazirligi tassarufidagi «Informatika va energetika muammolari» O‘zbekiston jurnali va “Kimyoviy texnologiya. Nazorat va boshqaruv” Xalqaro ilmiy-texnikaviy jurnallarining tahririyati a’zosi, Toshkent axborot texnologiyalari universitetida “Axborot texnologiyalarini dasturiy ta’minoti”kafedrasi professori bo‘lib, universitet ilmiy, ma’naviy hayotida faol qatnashib kelmoqda.
Taniqli olim, O‘zR FA xaqiqiy a’zosi, texnika fanlari doktori, professor Mirzayan Mirzaaxmedovich Komilovni tavalludining 80 yilligi munosabati bilan ilmiy jamoatchilik va jurnalimiz tahririyati nomidan chin yurakdan tabriklaymiz. Mirzayan Mirzaaxmedovichga uzoq umr, sihat-salomatlik va ilmiy faoliyatlarida ijodiy barkamollik tilaymiz.