Yoshlar bilan muloqot

  • Home
  • Yoshlar bilan muloqot

Vatanimiz kelajagi, xalqimizning farovon bo‘lishi, muayyan yutuqlarga erishishi farzandlarimizning ta’lim-tarbiyasiga, qanday inson bo‘lib hayotga kirib borishiga chambarchas bog‘liqdir. Shu sababdan ham yurtimizda yoshlar siyosatini rivojlantirish eng ustuvor yo‘nalishlardan biri sanaladi.

Joriy yilning 26 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh. Sodiqov hamda Boysun tuman xokimi A. Juraev bilan Surxandaryo viloyati Boysun tumani yoshlari o‘rtasida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda yoshlar tomonidan AT sohasi hamda boshqa ularni qiziqtirgan masalalari borasidagi berilgan savollar muhokama etildi. Muhokama jarayonida yoshlar o‘z fikr va takliflari bilan bo‘lishdilar.

Mazkur uchrashuv davomida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti rektori B. Maxkamov ham so‘zga chiqib, yoshlarni qiziqtirgan savollari yuzasidan o‘z fikr va mulohazalarini bildirdilar.

Ma’lumki yurtimizda AKT sohasida yoshlarni bilimini takomillashtirish hamda ularning innovatsion g‘oyalarini hayotga tadbiq etishga doir zamon talabiga mos barcha sharoitlar yaratilmoqda.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Birlashgan Arab Amirliklarining "Dubai Future Foundation" jamg‘armasi tomonidan amalga oshirilayotgan "Bir million dasturchi" loyihasi yoshlarning axborot texnologiyalariga qiziqishlarini yanada oshishi va ilxomlanishiga turtki bo‘ldi.

Ma’lumotlarga ko‘ra o‘tgan yili ushbu loyiha bo‘yicha 120 mingdan ziyod o‘quvchi ishtirok etib, ularning 18 mingdan ortig‘i kurslarni muvaffaqiyatli tugatib, sertifikatga ega bo‘ldi.

Tashkilotchilar rejasiga ko‘ra ushbu ko‘rsatkichni 300 mingga yetkazish va yoshlarni kompyuter texnologiyalari yo‘nalishida bepul o‘qitish hamda masofaviy ta’limni va darslarni onlayn o‘tkazish imkoniyatini beradigan axborot tizimlarini ishga tushirish amalga oshiriladi.

AKT sohasidagi ilmiy izlanishlarni davom ettirishni yanada kengaytirish maqsadida Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti filiali ochildi. Kelgusida Respublikamizning barcha hududlarida AT mutaxassislarini tayyorlaydigan texnikumlar ochilishi ham ko‘zda tutilgan.

Aytib o‘tish joizki, yoshlarning AKTga qiziqishi yuqoriligini inobatga olgan holda, Toshkent axborot texnologiyalari universitetida 2020-2021 o‘quv yili uchun “Raqamli iqtisodiyot” bakalavr ta’lim yo‘nalishi hamda sakkizta yangi magistratura mutaxassisligi ochilgan. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan mazkur oliy ta’lim muassasasida O‘zbek-Belarus qo‘shma fakulteti tashkil etilib, 2020-2021 o‘quv yili uchun 500 talaba qabul qilindi. Umuman olganda, bugungi kunda universitet va uning filiallarida jami 15 mingga yaqin talaba tahsil olmoqda.

 

 

TATU matbuot xizmati