Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti rektori Prof. B.Maxkamov boshchiligidagi delegatsiya xalqaro QS hamda THE reytinglarda yetakchi o‘rinlarda turuvchi Xitoy Xalq Respublikasining North China University of Technology (NCUT) universitetiga tashrif buyurdi hamda universitet prezidenti Prof. Lifeng Zhang bilan ushrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda ikki universitet oʻrtasida talabalar va professor-oʻqituvchilar uchun akademik almashinuvni yoʻlga qoʻyish, hamkorlikda qoʻshma tadqiqotlar oʻtkazish, TATU ilmiy tadqiqotchilari uchun NCUTning Maʼlumotlar markazi (Data Center) hamda DeCloud bulut xizmatlaridan foydalanish imkonini yaratish, shuningdek, raqamli texnologiyalar, infokommunikatsiya, sun’iy intellekt sohasida birgalikda ilmiy tadqiqotlarni olib borish va ilmiy maqolalarni nashr etish boʻyicha hamkorlik memorandumi imzolandi.
Tashrif davomida yurtimizda amalga oshirilayotgan ta’lim islohotlari, axborot texnologiyalar yo‘nalishida bo‘layotgan rivojlanish tendensiyalari hamda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida raqamli ta’limni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ustuvor yo‘nalishlar haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, universitetlar o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirishning istiqbolli yo‘nalishlari hamda imzolangan memorandumning samarali ijrosini ta’minlash bo‘yicha yo‘l xaritasini tasdiqlashga kelishib olindi.