Umr yo'llarida toblangan ayol

  • Home
  • Umr yo'llarida toblangan ayol
Uzoq yillar yurtimiz xizmatiga kamarbasta bo‘lib, bugun keksalik gashtini surayotgan, Vatanimiz istiqboli, farzandlar iqboli uchun duogo‘y faxriylarning hayoti bugungi yoshlar uchun haqiqiy ibrat maktabidir.
Bugungi kunda faxriylar holidan xabar olinib, ularga uy yumushlarida ko‘maklashish, turar joylarini tartibga keltirish maqsadida o‘tkazilayotgan hasharlar avlodlar o‘rtasidagi mehr rishtalarini mustahkamlamoqda. Yosh avlodni Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashda bunday uchrashuvlarning tashkil etilishi ahamiyatga molikdir.
Kuni kecha 20 noyabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari unversitetining “Xotin-qizlar qo‘mitasi” raisi N.Tashpo‘latova, HQQ raislari, hamda Yunusobod tumani “O‘zbekiston yoshlar ittifoqi” faoli Sh.Ibragimova bilan birgalikda “Ko‘rgazma” ko‘chasi 55-xonadonda istiqomat qiluvchi Xurriyat Atajanova bilan uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuvda qahramonimiz o‘zlarining umr yo‘llari xotiralarini eslagan holda so‘zlab berdilar. Ushbu uchrashuvda 24 yoshlarida vafot etgan otalarini ko‘zlarida yosh bilan esladilar. Hayotning pastu-balandiga bardosh bergan, 4 yoshida otasidan yetim qolgan bu qizchani kelajakda nimalar kutayotganidan mutlaqo bexabar edi. Buvisi bilan yolg‘iz qolgan bu qizaloq hayoti mobaynida ota mehriga zor o‘sdi. Shunga qaramasdan o‘zini qo‘lga olgan holda, maqsad qo‘yib a’lo baho bilan maktabni tamomladilar.
Maktab pillapoyalari ularni “To‘qimachilik” institutiga yetakladi va oliygohni imtiyozli qizil diplom bilan tugatdilar. 12 yil mobaynida badiiy buyumlar ishlab chiqarish boshqarmasida, 13 yil vazir o‘rinbosari lavozimlarida ishladilar. O‘zbekiston mahalliy vazirligida 25 yil faoliyat ko‘rsatib, o‘sha vaqtlarda 6 ta vazir o‘rinbosari bo‘lsa, shuning 1 tasi men edim, deb yodga olgan Xurriyat aya xotiralari bilan o‘rtoqlashdi.
1974 yilda Farg‘ona viloyati Rishton qishlog‘ida keramika zavodida Sh.Rashidov bilan uchrashgan. 1988 yil yurak xastaligi tufayli ishdan o‘z xohishga ko‘ra bo‘shagan. Hozirgi kunda 3 nafar farzand: 2 nafar qiz va bir nafar o‘g‘il onasi, 6 ta nevara 10 ta evaraning sevimli buvisi ekanliklarini faxr tuyg‘usi bilan so‘zlab berdilar.
Men ushbu ayolning ko‘zida yonib turgan nurini va qalbidan kechayotgan kechinmalarini, ayollar ham jamiyatimizda o‘z o‘rniga ega bo‘lishi lozimligini, barcha odamlarga faqatgina yaxshilik qilish kerakligi va kulgu ulashuvchi hushchaqchaq inson bo‘lib voyaga yetishishimizni istayotganlarini, o‘z kasbimizni ijodkor va namunali mutaxassisi bo‘lib Vatanimiz taraqqiyoti uchun xizmat qilishimiz zarurligini dildan xohlayotganlarini ko‘rib juda suyundim.
Biz yoshlarga bunday maslahatlar beruvchi shunday nuroniy onaxonlarimizni safimizda ko‘rib turganimizdan juda mamnunmiz. Faxriya aya kabi nuroniylarimizni biz bilan zamondosh ekanliklari bizga katta baxt va shukux bag‘ishlashi juda quvonarlidir.

“O‘zbekiston yoshlar ittifoqi” faoli Sh.O.Ibragimova