11-12 may kunlari Toshkent axborot texnologiyalari universitetida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 129-sonli buyrug‘iga asosan, "Kompyuter grafikasi” fanidan Talabalar Respublika fan olimpiadasining 2-bosqichi o‘tkazildi.
Olimpiadada respublikadagi 25 ta oliy ta’lim muassasalaridan mazkur fan bo‘yicha I-bosqichda g‘olib bo‘lgan 25 nafar iqtidorli talabalar ishtirok etdi. Olimpiada musobaqalari Nizomga asosan 4 ta turda tashkil etildi.
Talabalar 1-turda kompyuter grafikasining nazariy tushunchalari va matematik apparatiga oid, 2-turda kompyuter grafikasining amaliy dasturiy paketlari bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan test savollariga bevosita onlayn tarzda kompyuterda javob berib, o‘z bilimlari natijasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
3-bosqichda talabalar C++ dasturlash tili muhitida grafik imkoniyatlardan foydalangan holda berilgan multfilm qahramonini chizishdi. 4-bosqichda esa berilgan zamonaviy inshoot modelini uch o‘lchovli muayyan 3D dasturda yaratishdi.
Barcha bosqichlar bo‘yicha talabalarning to‘plagan ballari Hakamlar hay’ati tomonidan xolisona baholandi. Natijalarga ko‘ra, 1-o‘rinni TATU Urganch filiali 3-kurs talabasi Yo‘ldoshboy Sultonov, 2-o‘rinni TATU 3-kurs talabasi Javohir Abdusalimov, 3-o‘rinni Nukus davlat pedagogika instituti 3-kurs talabasi O‘ktamjon Madaminovlar qo‘lga kiritishdi.
Talabalar respublika fan olimpiadasining yopilish marosimi tantanali tashkil etildi, barcha ishtirokchilarga TATU nomidan sertifikatlar topshirildi.