Prezident granti stipendiyasiga dastlabki nomzodlar ro‘yhati e’lon qilindi.

  • Home
  • Prezident granti stipendiyasiga dastlabki nomzodlar ro‘yhati e’lon qilindi.
Ma’lumki, O‘zbekistonda Prezident granti stipendiyasi joriy etildi.
Stipendiya 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab OTMga kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan (grant hamda to‘lov-shartnoma asosida) 200 nafar yoshlar uchun butun o‘qish davri davomida to‘lanadi.
Bunda, qonun hujjatlariga muvofiq oliy ta’lim muassasasiga kirishda qo‘shimcha ball shaklida imtiyoz beriladigan toifadagi abiturientlar uchun kirish imtihonlari natijalariga ko‘ra to‘plagan baliga nisbatan qo‘shilgan ball hisoblanmagan holda tatbiq etiladi.
Mazkur tartib ro‘yxat bo‘yicha 200-o‘rinda turgan talaba to‘plagan ballga teng ball to‘plagan barcha talabalarga nisbatan ham qo‘llaniladi.
Prezident granti stipendiyasi sohibi bo‘lgan talabalar ro‘yxati har yili kirish imtihonlari tanlov natijalari e’lon qilingan kundan so‘ng 10 kun muddatda Davlat test markazi tomonidan tasdiqlangan holda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga oliy ta’lim muassasalari kesimida taqdim etiladi.
Prezident granti sohibi bo‘lgan birinchi kurs talabalariga o‘quv yilining 1-semestri mobaynida Prezident stipendiyasi miqdoriga teng bo‘lgan miqdorda stipendiya tayinlanadi va to‘lanadi.
O‘quv semestri natijalariga ko‘ra barcha fanlar bo‘yicha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi faqat “a’lo” baho bo‘lgan (kurs ishi, kurs loyihasi, amaliyot va xarbiy tayyorgarlik uchun olgan baholar bundan mustasno) talabalarga Prezident stipendiyasini to‘lash davom ettiriladi.
O‘quv semestri natijalariga ko‘ra kamida bitta fandan o‘zlashtirish ko‘rsatkichi “a’lo” baho bo‘lmaganda, Prezident granti sohibi bo‘lgan talabalarga kelgusi o‘quv semestri mobaynida umumiy tartibda o‘zlashtirayotgan talabalarga belgilangan miqdorda stipendiya tayinlanadi va to‘lanadi.
Navbatdagi o‘quv semestri natijalariga ko‘ra barcha fanlar bo‘yicha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi faqat “a’lo” baho bo‘lgan, dastavval Prezident granti stipendiyasi sohibi bo‘lgan talabalarga Prezident stipendiyasi miqdoriga teng bo‘lgan miqdorda stipendiya qayta tayinlanadi va to‘lanadi.
DTMning mandat saytidagi ro‘yxatga ko‘ra (https://mandat.dtm.uz/Home/AfterFilter?prez=1) Prezident granti uchun da’vogarlik qiladigan abiturientlar ro‘yxati e’lon qilindi. Unga ko‘ra, 185,85 balldan yuqori ko‘rsatkichga erishgan 233 nafar abiturient Prezident grantiga da’vogarlik qiladigan bo‘ldi.
Chunki qoidaga binoan, 200-o‘rindagi abiturient bilan bir xil ball to‘plagan barcha abiturientlar ushbu grantga da’vogarlik qilishadi. Natijalarga ko‘ra, 185-o‘rindan 233-o‘ringacha abiturientlar bir xil 185,85 ball to‘plashgan, shu sababli barchasi Prezident grantiga da’vogarlik qilishadi.
Shuningdek, respublika bo‘ylab jami 75 nafar abiturient eng maksimal 189 ball to‘plashdi.
Ta’kidlash lozimki, Prezident grantini olganlar garchi kontraktga kirgan bo‘lsa ham, davlat granti asosida o‘qishadi.
Quyida Prezident grantiga da’vogarlik qilayotgan 233 nafar abiturientlarning OTM kesimidagi ma’lumotlari keltirilgan:
OTM nomi / da’vogarlar soni
Toshkent davlat yuridik universiteti — 73
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti — 46
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti — 26
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti — 9
Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti — 9
Toshkent tibbiyot akademiyasi — 9
Toshkent moliya instituti — 5
Buxoro davlat universiteti — 4
Buxoro davlat universitetining Pedagogika instituti — 4
Farg‘ona davlat universiteti — 4
Navoiy davlat pedagogika instituti — 4
Qoraqalpoq davlat universiteti — 4
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti — 4
Andijon davlat universitetining Pedagogika instituti — 3
Namangan davlat universiteti — 3
O‘zbekiston Milliy universiteti — 3
Qarshi davlat universiteti — 2
Samarqand davlat chet tillar instituti — 2
Samarqand davlat universiteti — 2
Termiz davlat universitetining Pedagogika instituti — 2
Buxoro tibbiyot instituti — 1
Guliston davlat universiteti — 1
Jamoat xavfsizligi universiteti — 1
Jizzax davlat pedagogika instituti — 1
Nukus davlat pedagogika instituti — 1
O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti — 1
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi — 1
Qo‘qon davlat pedagogika instituti — 1
Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti — 1
Samarqand davlat tibbiyot instituti — 1