Nizom Muhokama uchun

  • Home
  • Nizom Muhokama uchun

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti "Informatika asoslari” kafedrasi professor – o‘qituvchilari tomonidan universitetda tahsil olayotgan birinchi bosqich talabalari uchun "C++da dasturlash” va "Informatika” fanlaridan nazorat - elektron baholash tizimi ishlab chiqildi va undan tajriba - sinov tariqasida foydalanish maqsadida NIZOM taklif etildi. Ushbu NIZOM yuzasidan fikr - mulohazalaringizni yozma ravishda a.nishanov@tuit.uz elektron manzilga taqdim etishingizni so‘raymiz.

NIZOM 

1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasining "Ta’lim to‘grisida"gi Qonuni, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, O‘zbekiston Respublikasining "Elektron hukumat to‘g‘risida”gi qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga pedagogik faoliyat samaradorligi va sifatini oshirish bilan bog‘liq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” 2015 yil 25 avgustdagi 246-son qarori, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Yoshlar siyosati, ta’lim, madaniyat va sport masalalari kompleksining 2015 yil 29 sentyabrdagi majlisning 32-son bayoni ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan hamda professor-o‘qituvchilarning o‘quv metodik faoliyati reyting balini aniqlash, talabalar tomonidan pedagogik faoliyatni baholash, universitetida tahsil olayotgan talabalarda dasturlash bo‘yicha bilim, amaliy kunikma va malakalarni shakllantirish hamda ularning qobiliyatlarini namoyon etish, intellektual salohiyatini rivojlantirishdan iboratdir. 

I BOB. Umumiy qoidalar

1. Asosiy tushunchalar

Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
"C++ dasturlash tili” va "Informatika” fanlaridan joriy nazorat (JN), oraliq nazorat (ON), yakuniy nazorat (YaN) topshiriqlarining bajarilishi va ularni elektron baholashning markazlashgan va dasturiy mahsulotlardan foydalangan holda tashkil etish – TATU informatika asoslari kafedrasida universitetning birinchi va ikkinchi kurs talabalari "C\C++ dasturlash tili” va "Informatika” fanlaridan tahsil olishadi. Ushbu fanlardan talabalar JN, ON va YaNlar topshiriqlarini bajarishadi va ular asosida talabalar bilim, ko‘nikma va malakalari nazariy hamda amaliy jihatdan baholanadi. Baholash jarayoni markazlashgan ya’ni barcha talabalar bilimini elektron baholash ta’lim bergan professor-o‘qituvchilar ishtirokisiz onlayn tarzda maxsus texnik-kompyuter jihozlari, dasturiy mahsulotlar bilan ta’minlangan alohida auditoriyalarda amalga oshiriladi. 
Elektron baholash – Talabalar bilimi, ko‘nikma va malakalarini professor-o‘qituvchilar ishtirokisiz, onlayn tarzda maxsus texnik-kompyuter jihozlari, dasturiy mahsulotlaridan foydalangan holdagi avtomatlashgan tizim yordamidagi baholash.
ACM qoidasi bo‘yicha baholash mezonlari – "C++ dasturlash tili” va "Informatika” fanlaridan talabalarning JN, ON va YaN lardan elektron baholanishlari belgilangan topshiriqlarni bajarishiga beriladigan baho, o‘lchov;
Professor-o‘qituvchilarning baholash mezonlari – "C++ dasturlash tili” va "Informatika” fanlaridan dars beradigan professor-o‘qituvchilar ta’lim bergan talabalar guruhining JN, ON va YaNlardan erishgan baholarining o‘rtacha bahosi, o‘lchovi;
Tashkiliy qo‘mita – Toshkent axborot texnologiyalari universiteti tomonidan belgilangan qo‘mita;
Adolat komissiyasi- Toshkent axborot texnologiyalari universiteti tomonidan belgilangan qomissiya;
Ishchi tashkiliy qo‘mita – Kafedra tomonidan belgilangan qo‘mita;

2. Elektron baholashdan maqsad va vazifalari

1. Asosiy maqsadi - Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabalarini "C++ dasturlash tili” va "Informatika” fanlaridan JN, ON va YaNlar topshiriqlarini bajarishida, ularning bilim, ko‘nikma va malakalari nazariy hamda amaliy jihatdan baholashning avtomatlashtirilgan tizimlardan foydalangan holda amalga oshirish, natijada dasturlash bo‘yicha iqtidorli, qobiliyatli va iste’dodlilarni aniqlash, ulardagi ijodiy qobiliyatlarning ro‘yobga chiqishiga ko‘maklashish va qo‘llab-quvvatlash.
2. Asosiy vazifasi sifatida quyidagilar belgilangan:
- Toshkent axborot texnologiyalari universitetida "C++ dasturlash tili” va "Informatika” fanlaridan zamonaviy elektron resurslardan foydalangan holda ta’lim berish jarayonini tashkil etish va uni boshqarish;
- Ta’lim muassasalari o‘quv jarayonida "C++ dasturlash tili” va "Informatika” fanlaridan talabalarning JN, ON va YaNlar topshiriqlarini bajarishida, ularning bilim, ko‘nikma va malakalari nazariy hamda amaliy jihatdan baholashning avtomatlashtirilgan tizimlarini joriy etish;
- Respublika ta’lim muassasalarida, shu jumladan Toshkent axborot texnologiyalari universitetida dasturlash bo‘yicha iqtidorli talabalar bilan ishlashni takomillashtirish va rivojlantirish;
- Toshkent axborot texnologiyalari universitetida o‘quv-tarbiya jarayonining zamonaviy talablar darajasiga ko‘tarilishini ta’minlash, fan o‘qituvchilarining pedagogik mahoratini oshirish, qobiliyatli va iste’dodli talabalarni tayyorlash va tarbiyalashga qaratilgan ijodiy izlanishlari bo‘yicha mehnatini rag‘batlantirish;
- talabalar uchun o‘quv mashg‘ulotlarini tashkillashtirishda zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda interaktiv usullarini tatbiq etilishini takomillashtirish, ijodiyotini rivojlantirish;
- Natijada talabalar orasidan dasturlash bo‘yicha xalqaro olimpiadalarda mamlakatimiz sharafini himoya qilish uchun nomzodlar tarkibini shakllantirish;
- Kafedra professor-o‘qituvchilarning o‘quv metodik faoliyati reyting ballarini (2015 yil 29 sentyabrdagi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Yoshlar siyosati, ta’lim, madaniyat va sport masalalari kompleksi majlisining 32-son bayoniga asosan - 40b) u ta’lim berayotgan guruh talabalarining erishgan natijalari asosida aniqlash.

3. Nazorat topshiriqlarini tayyolash, elektron baholash bosqichlari va o‘tkazish vaqti

1. Talabalarni elektron baholash jarayonini tashkil etish, ularni o‘tkazish oliy ta’lim qonun-qoidasi, talab-ehtiyoji va rejalari asosida amalga oshiriladi.
2. Ishchi tashkiliy qo‘mita tomonidan nazorat topshiriqlari ishlab chiqiladi. Nazorat boshlangan vaqtda topshiriqlar elektron baholash tizimi orqali ishtirokchilarga onlayn taqdim qiladi.

II BOB. Nazoratlarni o‘tkazish tartibi

1. JN, ON, YaN nazorat bosqichlarini o‘tkazish ishlari ishchi tashkiliy qo‘mita tamonidan amalga oshiriladi

1. JN, ON, YaN nazorat bosqichlarining umumiy rahbarligini Toshkent axborot texnologiyalari universiteti rektori buyrug‘i bilan bilan tasdiqlagan tashkiliy qo‘mita amalga oshiradi.
2. Tashkiliy qo‘mitaga Toshkent axborot texnologiyalari universiteti rektori raislik qiladi va a’zolari soni 7 kishidan oshmagan holda quyidagi tarkibdagi vakillar kiritilishi mumkin:
-universitet va fakultet rahbariyati; 
-JN, ON, YaN bosqichlari nazorat topshiriqlarini tayyorlovchi kafedra mudiri;
- universitet va uning xududiy filiallaridan jalb qilingan mutaxassislar.
3. Tashkiliy qo‘mita quyidagi ishlarni amalga oshiradi:
- JN, ON, YaN nazorat bosqichlari o‘tkaziladigan joy va muddatini belgilash;
- JN, ON, YaN nazorat bosqichlarining joylarda tashkil etilishi, o‘tkazilishini muvofiqlashtirish, boshqarish va monitoring qilish;
- JN, ON, YaN nazorat bosqichlari o‘tkazilishini ommaviy axborot vositalarida yoritishni tashkil qilish.
- nazoratning bosqichlarini mazkur Nizom talablari asosida tashkil etish, uni o‘tkazilish jarayonini nazorat qilish va hisobot berish;
- nazoratning ilmiy-uslubiy jihatdan yuqori saviyada, adolat va oshkoralik mezonlari, shaffoflik asosida o‘tkazilishini ta’minlash;
- nazorat jarayonida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan tashkiliy, texnik nosozliklar va anglashilmovchiliklarning oldini oladi, ularni bartaraf etish choralarini ko‘radi;
- nazorat natijalarini talabalar va OTM mutasaddi vakillari ishtirokida e’lon qilish, zarur hollarda talabalar va qatnashuvchi OTMlari mutassaddi vakillari savollariga javob berish, ularning e’tirozlarini ko‘rib chiqib o‘rnatilgan tartibda bartaraf etish;
- nazorat topshiriqlarini tuzish. Maxfiyligini ta’minlash va nazorat boshlanishidan oldin adolat komissiyasiga topshirish;

2. Adolat komissiyasining vazifalari

1. Komissiya quyidagi vazifalarni bajaradi:
- taqdim etilgan nazorat topshiriqlarining mazmuni va dastur talablariga mos kelishligini aniqlash va yechimini tekshirib chiqish;
- nazorat jarayonida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan tashkiliy, texnik nosozliklar va anglashilmovchiliklarning oldini olish, ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish;
- natijalar va talabalar reytingini monitoringi olib borish;
- natija yakunlari yuzasidan belgilangan tartibda qaror loyihalarini tayyorlash va tasdiqqa taqdim etish;
- o‘tkazilgan nazorat natijalari haqida Ishchi tashkiliy qo‘mitaga batafsil hisobot berish, zarur hujjatlarni taqdim etish.
2. Adolat komissiyasi 5 kishidan iborat bo‘lib, o‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektor rahbarligida, o‘quv bo‘limi, ichki nazorat va monitoring bo‘limi, Kamolot YoIH boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi, kasaba uyushmasi vakillaridan iborat bo‘ladi va universitet rektori tomonidan tasdiqlanadi. 
3. Adolat komissiyasi nazorat ishtirokchilarining shikoyatlarini nazorat davomida ko‘rib chiqadi. Shikoyat o‘rinli bo‘lsa shikoyat natijalari ishtirokchilariga e’lon qilindi. Adolat komissiyasi qabul qilgan qaror bo‘yicha bayonnoma tuzadi, unga Adolat komissiyasi a’zolari imzo qo‘yadi.

3. Nazoratning JN bosqichini tashkil etish va o‘tkazish tartibi (15b+15b)

1. Nazoratning JN bosqichi universitetda har xaftaning shanba kunlari butun semestr davomida kechki soat 21:00gacha onlayn tarzda o‘tkaziladi. Uning yuqori saviyada o‘tkazilishiga fakultet dekanlari mas’ul hisoblanadi. Bunda talaba hammasi bo‘lib 30bal yig‘ishi mumkin. Har bir kontestda bir talaba hamma topshiriqlarni to‘liq bajarsa maksimum bir bal yig‘adi. Demak, hammasi bo‘lib 30 ta kontest o‘tkaziladi natijada ko‘pi bilan 30 bal yig‘iladi.
2. Nazoratning JN bosqichida universitetining www.algo.tuit.uz tizimlari orqali online tarzda o‘tkaziladi. Nazorat o‘tkazish sanalari shu tizimlarning o‘zida e’lon qilib boriladi. 

4. Nazoratning ON bosqichini tashkil etish va o‘tkazish 
tartibi (20b+20b)

1. Nazoratning ON bosqichi semestr davomida tasdiqlangan jadval asosida 2 marta (20b+20b) o‘tkaziladi, talaba har bir oraliq nazoratda maksimum 20 bal yig‘adi. Ikkala oraliq nazorat bo‘yicha maksimum 40 bal yig‘a oladi. 
2. Nazoratning ON bosqichi universitetda tasdiqlangan jadval asosida belgilangan kunda o‘tkaziladi.
3. Nazoratning ON bosqichini talab darajasida o‘tkazish mas’uliyati nazorat o‘tkazuvchi tegishli fakultet dekanati va guruh murabbiylari zimmasiga yuklatiladi.
4. Nazorat ON bosqichining o‘tkazilishi yuzasidan talabalardan nazorat tugagandan so‘ng 24 soat ichida tushgan yozma shikoyat va arizalar Tashkiliy qo‘mita va adolat komissiyasi tomonidan nazorat jarayonida bevosita joyida hal etiladi. Belgilangan muddatdan kechikib bildirilgan e’tirozlar va shikoyatlar ko‘rib chiqilmaydi.
5. 1 ON va JN natijalari bo‘yicha 55% kam bal to‘plagan talabalar 2 ON kiritilmaydi.
6. Nazorat o‘tkazilish jarayonida o‘rnatilgan tartib qoidalarga amal qilmagan talabalar nazoratdan chetlashtiriladi. Bu haqda tegishli dalolatnoma tuziladi va uni Ishchi qo‘mita raisi va a’zolari hamda tartib qoidaga amal qilmagan talaba tomonidan imzolanadi.
7. Nazorat o‘tkazilish jarayonida bir talaba ikkinchisi dastur kodini qo‘lga kiritgan holda tizimdan o‘tkazishga urunishiga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday hol vujudga kelgan taqdirda talabalar va dars o‘tadigan o‘qituvchilarga nisbatan urnatilgan tartibda intizomiy choralar ko‘riladi. 

5. Nazoratning YaN bosqichini tashkil etish va o‘tkazish tartibi (30b)

1. Nazoratning YaN bosqichi semestr oxirida bir marta (30b) o‘tkaziladi, talaba ushbu nazoratda maksimum 30 bal yig‘ishi mumkin. Nazoratning YaN bosqichi tasdiqlangan jadval asosida maxsus tayyorlangan joyda tashkil etiladi va o‘tkaziladi.
2. Nazorat YaN bosqichiga ONva JN bo‘yicha kamida 55% (39 bal) yig‘gan talabaga tizim orqali avtomatik tarzda qatnashishiga ruxsat etiladi. 
3. Nazoratning YaN bosqichini talab darajasida o‘tkazish mas’uliyati tegishli fakultet dekanati va guruh murabbiylari zimmasiga yuklatiladi. 

6. Talabalar reyting ballarini aniqlash va professor-o‘qituvchilar faoliyatini baholash

1. Nazoratdan keyin talabalar reytingi, talaba tomonida JN, ON, YaNlarda yig‘gan ballarining yig‘indisiga ko‘ra aniqlanadi, ya’ni Reyting=JN+ON+ YaN:
2. Talabalarni jami reyting ballarini e’lon qilish avtomatlashgan holda tizimda olib boriladi, har bir talaba tizimdan o‘zi yig‘gan ballarni ko‘rish imkoniyati mavjud.
3. Talabalar jami reyting ballarini bilish uchun "Dars bergan o‘qituvchini pedagogik faoliyati bo‘yicha anketa-so‘rovnoma”ni to‘ldirishi shart.
4. Tizimda dars bergan o‘qituvchini pedagogik faoliyati bo‘yicha anketa-so‘rovnoma asosida o‘qituvchilar reytingi aniqlanadi.
5. Kafedra professor-o‘qituvchilarning o‘quv metodik faoliyati reyting bali (2015 yil 29 sentyabrdagi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Yoshlar siyosati, ta’lim, madaniyat va sport masalalari kompleksi majlisining 32-son bayoniga asosan - 40b) u ta’lim berayotgan guruh talabalarining erishgan natijalari asosida belgilansin.