TATUda kiber o‘yinlari chempionati

  • Home
  • TATUda kiber o‘yinlari chempionati
18-19 iyun kunlari Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida “CyberGames” chempionati bo‘lib o‘tdi. Ushbu keng qamrovli va qiziqarli kibr o‘yinlar “Uzmobile”, “TOKYO.PC” hamkorligida universitetning “BeCreative media” va “INTV” faollari tomonidan o‘tkazildi. “CyberGames”chempionatida asosan 2 ta “DotaAllstars” va “PRO EVOLUTION SOCCER-2017” kompyuter o‘yinlaridan foydalanildi. “DotaAllstars”o‘yini jamoaviy hisoblanib, jami 16 jamoadan iborat, har bir jamoada 5 kibr sportchi bo‘lib, har 2 ta jamoa kuch sinashdi. G‘olib bo‘lgan jamoa keyingi bosqichga chiqdi. “PRO EVOLUTION SOCCER-2017” o‘yini yakka o‘yin bo‘lib, 16 ta ishtirokchidan iborat va har o‘yinda 2 ishtirokchi kuch sinashdi. G‘alaba qilgan ishtirokchi keyingi bosqichga chiqdi. O‘yin kompyuterda o‘tkazilganligi sababli birinchi ishtirokchi klaviaturada, ikkinchi ishtirokchi esa o‘yin joystigida bo‘lib o‘tdi (kelishilgan holda amalga oshiriladi).
Chempionatning maqsadi: universitet talabalarini ilm olish bilan bir qatorda, madaniy hordiq jarayonini tashkil etish (bu madaniy hordiq kompyuter o‘yinlari bilan chambarchas bog‘liqligi talaba yoshlarning kompyuter savodxonligini oshiradi); kibr o‘yinlar bo‘yicha munosib o‘zbek yoshlaridan tashkil topgan terma jamoani shakllantirish uchun saralash o‘yinlarini o‘tkazish; Talabalarning zamonaviy muhitda yangi do‘stlar orttirishi; Yoshlarning hali ko‘zga ko‘rinmagan yangi qirralarini ochish (misol uchun, kompyuter o‘yinlari bo‘yicha iqtidorga egaligi); TATU talaba yoshlarining ijtimoiy hayoti (social life)ni yanada qiziqarliroq tashkil etish; Yakuniy nazorat imtihonlaridan so‘ng talabalarning madaniy hordiq chiqarishini tashkillashtirishda amaliy yordam ko‘rsatishdan iboratdir.
O‘yinlarning final bosqichi 19 iyun kuni universitetning katta majlislar zalida bo‘lib o‘tdi. O‘yin natijalariga ko‘ra, «DotaAllstars»kompyuter o‘yinida 1-o‘ringa «422-14» jamoasi (Hamroyev Akmal, Shavkatov Shohabbos, Akbarov Atham, Karimov Murod, Ikramov Nodir ), 2-o‘ringa «DIF-315» jamoasi (Normirzayev Nozim, Ten Valeriy, Sobirov Ulugbek, Pirmatov Jasur, Jurayev Saidislom), «PRO EVOLUTION SOCCER 2017» kompyuter o‘yinida esa, 217-15 guruh talabasi Salohiddin Esanov 1-o‘ringa, 2-o‘ringa esa Avaz Tohirovlar munosib ko‘rildi. G‘oliblar “Uzmobile” kompaniyasi tomonidan CDMA mobil telefonlari, diplomlar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Bundan tashqari, qolgan istirokchilar ham diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.