19 oktyabr kuni Toshkent shahrida EBSCO Information Services,OOO “E-LINE PRESS” hamda Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi hamkorligida “INFOLIB haftaligi” doirasida “EBSCO AWARDS UZBEKISTAN” taqdirlash marosimi oʻtkazildi. Ushbu marosimda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti “EBSCO Information Services resurslaridan eng koʻp foydalangan oliy taʼlim muassasasi” nominatsiyasini qoʻlga kiritdi. Marosimda Oʻzbekistondagi oliy taʼlim muassasalarining yetakchi professorlari, ilmiy-tadqiqotchilari, Axborot kutubxona muassasalari vakillari, ilmiy-tadkiqot institutlari xodimlari ishtirok etdilar.
Oʻtkazilgan ushbu yillik tadbir doirasida respublikada maʼlumotlar bazasidan eng koʻp foydalangan mutaxassislar ham aniqlanib, homiylar tomonidan maxsus sertifikat va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi. Jumladan, TATU Multimediya kafedrasi dotsenti, texnika fanlari doktori Baxodir Moʻminov “EBSCO Information Services axborot resurslaridan eng yaxshi foydalangan tadqiqotchi” nominatsiyasida gʻolib boʻldi.
EBSCO Axborot xizmatlari (AQSH) kompaniyasi ilmiy va taʼlim muassasalarini axborot bilan taʼminlash sohasida dunyoda yetakchi hisoblanadi. EBSCO butun dunyodagi 1,5 mingga yaqin yirik ilmiy va universitet nashrlarining 1 milliondan ortiq yuqori sifatli elektron kitoblari va 100 mingdan ziyod audio kitoblarini taqdim etadi. Kompaniya jahonda nashriyotlarning elektron, ilmiy va oʻquv resurslariga kirish uchun oʻz xizmatlarini taqdim etish boʻyicha Oʻzbekistonda yetakchi xisoblanadi. Fanlar akademiyasining 120dan ortiq ilmiy markazlari va respublikaning barcha universitetlari AQSH, Kanada, Yevropa va boshqa mamlakatlarda chop etilgan 4000 dan ortiq ilmiy jurnallardan maʼlumot olish imkoniyatiga ega. Kompaniyaning maʼlumotlar bazalari oʻnlab va yuzlab tadqiqotchilarga, shuningdek, ilmiy darajaga ega boʻlgan mutaxassislarga oʻzlarining dissertatsiyalarini yuqori darajada tayyorlashga, oʻqituvchilarni kasb mahoratini oshirishga, mamlakatdagi nashriyot faoliyatini yuksalishiga imkon beradi. Obyektiv statistik maʼlumotlarga koʻra, soʻnggi 5 yil ichida EBSCO Axborot xizmatlari bazasidan yuklab olingan maqolalar va kitoblar soni 10 barobardan oshdi! Bu yaratilayotgan ilmiy va taʼlim resurslarining sifatini oshayotganligidan, shuningdek, respublikaning ilmiy salohiyati yuksalishidan dalolat beradi.