Har bir millat o‘ziga xos an’ana va qadriyatlari bilan ajralib turadi. Milliy qadriyatlar millatning tarixi, yashash tarzi, ma’naviyati va madaniyati bilan chambarchas bog‘liq holda vujudga kelgan.
Ana shunday an’ana va qadriyatlarimizni yanada ulug‘lash, ularni o‘sib kelayotgan avlodlarga yetkazib berish maqsadida, Toshkent axborot texnologiyalari universitetida 27 mart kuni “Qadriyatlar etadi davom...!” shiori ostida talaba-yoshlar festivali o‘tkazildi.
Festival davomida fakultetlar o‘zlariga biriktirilgan respublikamiz 12 ta viloyatining o‘ziga xos urf-odat va an’analari aks ettirilgan milliy kiyim va milliy raqslarini namoyish etishdi. Talabalarning chiqishlari “Eng jozibali milliy raqs ijrochisi”, “Eng yorqin milliy liboslar namoyishi” hamda “Eng uyushgan jamoa” nominatsiyalari bo‘yicha taqdirlandi.
Ushbu festivalni o‘tkazilishidan asosiy maqsad: talaba-yoshlarni milliy qadriyatlarga sodiqlik va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda hozirgi kunga qadar ota-bobolarimizdan yoshlarimizga meros bo‘lib kelayotgan urf-odat, qadriyat va an’analarimizni asrab-avaylashda o‘z hissasini qo‘shib, mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida faol ishtirok etib kelayotgan yoshlarimizni taqdirlashdan iboratdir.