ESON DAVLATBEGIM

  • Home
  • ESON DAVLATBEGIM

14-fevral – shoh, shoir va adib

Zahiriddin Muhammad Bobur tugʻilgan kun

 

ESON  DAVLATBEGIM

Hikoya

Yosh Zahiriddin kechagi shum xabardan oʻzini behol seza boshladi. “Ajab dunyo ekan, –dedi mushtlarini iyagiga tirab. – Odamlar nega it-mushuk boʻlib yashaydilar? Nega qondoshlar bir-biriga madad berish oʻrniga yuziga oyoq qoʻyadur?!”

Saroy ahliga javob boʻlgach, u ustozini yoniga chorladi. Maqsadi koʻnglida yigʻilgan jumboqlarning siri-sinoatidin boxabar etmoqlik. Yoshi ulugʻ, ogʻir, vazmin Xoja Abdulloh yaqin suyanchigʻi, yaqin odami. Otasi Umarshayx xizmatida yurgan bu oqil kishining donishmandona fikrlari  yoqadi.

         −Mavlono, amakimning murodi ayonmu? –soʻradi Zahiriddin izn soʻrab, eshikdan kirgan kishiga.

− Boʻtam, Ahmad Mirzoga munosabatim andak durust erdi, afsus, – javob berdi ustoz alamidan qoʻllari titrab. –Barcha shohlarning niyati yaxshilik urugʻini sochmoqlik emas erkan.

−Men yomonlikni  oʻzgalarga  ravo  koʻrmasmen...

–Qalbingiz zilol suviday toza va pokligini bilamen, bolam. Gʻanimlar orzularingizni  toptashga urinsa,  jim qarab turmassiz?

−Alarga  zarba  berurmen!

−Borakallo. Ayting-chi, shul fikringizni oʻzi qon toʻkmoqlikning dalolati emasmi? Podshohlik dunyodagi eng mushkul, eng nozik ishdur, boʻtam. Yaqinda oʻn ikkiga qadam qoʻydingiz... Ertangi jangda minglab navkarlarimizning yostigʻi quriydigan boʻldi-da, oʻgʻlim. Mushtipar onalar qargʻishi, begunoh norasidalarning dod-faryodi koʻz oldingizga kelmaydimu? Kechiring meni...

−Ustoz,  nima  qilmogʻimni  istaysiz? Axir, aytingiz...

−Amakingizning shum niyati – himoyangizdagi jannatmakon yerlarni ilgiga olmoqlik. Siz uni magʻlub etingiz! Toki, otangizning uzoq yillik zahmatlari koʻkka sovurilmasin. Bildingizmu?! Ilohim, bu jangda piri komillar sizga madadkor boʻlgʻay.

 −Menga inoning, ustoz.

−Inonamen, bolam. Endi kaminaga ijozat bering. Ammo jangga kirishdan avval Eson Davlatbegimning qoshiga, albatta, kiringiz. Buvingizni duolari qilichdan-da keskirdir.

Xoja Abdulloh taʼzim bajo aylab, xonani tark etdi. U ketgan boʻlsa-da, boyagi achchiq soʻzlari oʻyga toldirdi. Shu boʻyi, Zahiriddin koʻziga uyqu kelmadi. “Baʼzi shohlar yaxshilik urugʻini sepmaydi”, dedimi. Nahotki, umrining  oxiriga  qadar yaxshilik qilmoqlik qoʻlimdan  kelmasa?!

 Zahiriddin  buvisi   oldiga  shoshildi. 

−Kelingiz, hozirgina siz haqda oʻylab turuvdim, − nabirasini yuz-koʻzi va peshonasidan oʻpib, peshvoz oldi momo. Roʻparasida  kechagina saroy hovlisida oʻynab yurgan bolakay emas, balki  aqli toʻlishgan  jiddiy oʻsmir turardi, goʻyo.

−Ahmad Mirzoni yutqazishini koʻnglim sezib turibdi. Ilohim, zafar qozonib  qayting, oʻgʻlim,– lablari pichirlab, yuziga fotiha tortdi buvisi. −Zahiriddin, emdi pand-oʻgitlarimga quloq osing: kelajagingizni kechayu-kunduz oʻylab,  koʻp xayolga tolamen. Jirkanch zotlar bolamni xarob qilishidan qoʻrqamen. Oramizda gʻaraz niyatli gʻanimlar bisyor. Jangdan omon-eson qayting,   bu haqda bafurja soʻzlashurmiz.

  • Xoʻp boʻladi, buvijon.

...Ne baxtki, tengsiz mahorabada Zahiriddinga iqbol  kulib boqdi. Qubo[1] koʻprigi yonidagi botqoqdan oʻtishda Ahmad Mirzoning yigitlari falokatga mubtalo boʻldilar. Botqoqlik bir zumda och-nahor koʻzlarni oʻzining qaʼriga tortib ketdi. Otlar, tuyalardan keyin askarlar guppa-guppa agʻanay boshladi. Shum niyatlari ushalmay qolganini sezgan sipohilar shirin  jonlarini aziz bilib, tezda ortga  chekindilar...

Boshi egik Ahmad Mirzo sharmandali sulhga qonli barmogʻini bosib, yurtiga tushkun kayfiyatda qaytadigan boʻldi. Bu xushxabarni eshitgan Eson Davlatbegim: ”Oʻsmirga qoʻl koʻtargan kishining boshiga azaldan qora kun tushgusi”, deb pichirladi. Duolari mustajob boʻlavergan Ulugʻ ona – momoni saroy ahli shunday ataydi  –bashorati ushalganidan  bagʻoyat  shodlandi.

Zahiriddin  zafarli yurishdan  soʻng, toʻgʻri  buvisining huzuriga  oshiqdi.

–Shohim, bolaginam!–momo quchogʻini ochib, nevarasini bagʻriga mahkam bosdi.–Sizni chin dildan qutlaymen. Moʻjizani koʻringki, Yaratganning oʻzi marhamatini ayamadi. Bugun otangiz  ruhi  ham  shod boʻldi, bolajonim.

Nevara Ulugʻ onaning mehrli koʻzlariga nigoh tashlarkan, Qubo jangida shahid ketgan qurbonlarni oʻyladi.  “Yaxshimi yo yomonmi, hamma oʻladi. Ammo yaxshilar nega oʻlimni chetlab oʻtmaydi? Hozir tasbeh oʻgirayotgan buvijonim ham bir kuni hayot bilan vidolashadimi?”, degan oʻylar oʻtdi xayolidan.

Ardoqli buvisining oʻlimi birdan koʻz oldiga keldi-yu, hayajonga toʻla koʻzlari jiqqa yoshga toʻldi.

–Buvijon, si-iz-z koʻp yashang, xoʻpmi?–dedi-yu  boshini Ulugʻ onaning quchogʻiga qoʻygancha, hoʻngrab yigʻlab yubordi.

 –Yigʻlayapsizmi, bahodirim. Momongiz hali koʻp yillar yashaydi. Sizdek shohim – ulkan togʻim bor ekan, yashayveramen, bolaginam.

 –Aldamayapsizmi, buvijon?–u qizargan  koʻzlarini yengining bari bilan artib qoʻyarkan, yana qiyofasi jiddiylashdi: –Ayting-chi, kechagi qurbonlar  uchun kamina gunohkor boʻlmaydimi? Alarni intiqlik bilan kutayotgan bola-chaqalari  meni qargʻamaydimu? 

 −Nega qargʻaydi, bolam. Bu dunyoda har kim oʻz qilmishiga yarasha oʻz jazosini oladi. Axir, yurtni ochkoʻz raqibning hamlasidan himoya etdingiz-ku?!

 Zahiriddin oʻrnidan  turdi  va:

 –Toki hayot ekansiz, ruhingizni choʻktirmaymen, buvijon,–dedi qoʻlini koʻksiga qoʻyib. –Siz yonimda boʻlsangiz, bas, haqqimni aslo berib qoʻymasmen!

 –Suyukli nabiraginam, katta bir gʻanimni yengdingiz. Qadamingiz qutlugʻ keldi...Ammo hushyor boʻlingkim, qora sharpalar mansab va  boylik ilinjida  hech narsadin qaytmaydur.

Saroyda yosh shohning gʻanimlari bisyor edi. Toj kiyish marosimidan keyin “sharpa”lar aniq koʻzga tashlanib qolishdi. Eshik ogʻasi Hasan Yaʼqubga mushtday bolakayning amru farmon bermogʻi yoqmasdi, eski xizmatlari evaziga u yuqori martabaga erishmoqni  istardi. Ul kimsada hasad uchqunlari nish urgan boʻlib,  hukmdorning joniga qasd  qilmoqni oʻylardi. “Rahnamosi Xoja Abdullohni yohud bul  tirmizakni bir kuni boshini tanasidin judo eturman!”– deya  qasd qilib yurardi u.

xxx

Oʻsha kecha Zahiriddin yomon tush koʻrdi.  Tushida ayon boʻlishicha, saroyda charogʻonlik  oʻrnini qorongʻulik qoplagan emish. Aqli shoshganicha, ustozi uyiga yuguribdi. Koʻchalardan borarkan,  shumqadam odamlar koʻpayganini sezibdi. Sovuq shamolning uvillashi, olashaqshaqning shaqillashi eshitilibdi. Bir toʻda  odamlar gulxan atrofida chordona qurib, suhbat qurar, sovuq bashara Hasan Yaʼqub  tikka turgancha,  fitna maslahatini qilayotgan emish.

U  oʻngu soʻlga  qadam tashlab, manzilga yetib borganida, ustozi masjidga namozga chiqib ketgan ekan. Saroyga qaytishda mashʼala tutgan  qoʻllarning   taʼqib etayotganini sezibdi...

Gʻalati tushdan choʻchib uygʻonganida, chiroq shoʻlasi xonani xira yoritib turardi. U ichki kiyimda tashqariga otildi. Tun chodrasini yorib oppoq tong otayotganini koʻrdi. “Xayriyat, tushim  ekan”, dedi  hayajonini bosib.

 Gʻamgin kayfiyatda toʻshakka yotarkan,  ichini tirnagan,  qiynagan fikrlari tinchlik bermasdi. Deraza oynasidan hilolni koʻrib, hayratda qoldi:  buvisi yaqin kunlarda oy toʻlishini aytgandi. Bu nedan dalolat ekan?”.

Zahiriddin  buvisini barvaqt uygʻonishini bilib,  xobxonasiga yugurdi.

–Assalomu alaykoʻm, buvijon.

– Vaalaykum assalom,  bolaginam. Erta uygʻonibsizmi?

−Uygʻonib ketibmen.

–Fikr tugʻildimi? Darvoqe, oʻtgan galgi sheʼringiz nihoyalandimi? Sizdan umidlarim bor...–dedi-yu, momoning koʻzlariga yosh qalqidi. – Otangiz, sizga alohida  ixlos qoʻygan edilar, bolajonim... 

Sirli hodisot shulki, jang oldidan oʻn uch yoshli Zahiriddin   hayajondan entikib, koʻz yoshi toʻkkan boʻlsa, Boburiylarning ulugʻi – Eson Davlatbegim  endi oʻzini tuta olmay  hoʻng-hoʻng yigʻlardi.

−Qoʻying, buvijon, yigʻlamangiz.

–Suyukli nabiraginam, – dedi ozgina jimlikdan soʻng buvi.– Toʻpimizda mehr-oqibat yoʻqolib borayotganini bilamen. Xesh-aqrabolar bir-birin koʻziga xas tashlaydur, huda-behuda yovlashadur. Yorugʻ koʻzlarimiz doʻst kimu dushman kimligini ajratolmay arosatda qolayotir. Amakingiz Ahmad Mirzoning telbavor qiliqlarini koʻrdingizmu? Eh, aqliga suf uning! Ul kishim bir norasida urugʻdoshining  qanotini sindirib tashlagisi kelibdi. Nabiramning sof yuragini qilich bilan zabt etib boʻlmasligini u bilmaydi...

−Buvijon, meni tinglang.

 −Qani, yengilmas  bahodirim, soʻylang!

          −Ajab tush koʻribmen. Taʼbirini bilmoqqa oshiqamen.

  Zahiriddin  buvisiga koʻrgan tushining tafsilotini shosha-pisha soʻzlab  berdi.

–Yomon tush koʻribsiz, – dedi buvi. – Osmonimizda sarosimali kunlar yaqinga  oʻxshaydur. Mening ham koʻnglim anchayin bezovta, bolaginam. Ammo nomard kaslardin choʻchimang,  biron chorasini toparmuz.

Eson Davlatbegim nabirasiga taskin berarkan, “Shu bolamning boshiga yetishmasaydi”, degan fikr xayolidan lip etib oʻtdi. “Dushman ham oʻzimizdan chiqadi. Hech boʻlmaganda, Zahiriddin bolamga  qaddini tiklab olguncha yon berishsa    yaxshi boʻlardi”.

 Qoʻqqisdan  falokat ham yuz berdi. Xoja Abdullohdan oʻldirib ketishdi. Tush haq chiqdi. Pismiq va chirkin  Hasan Yaʼqubning bunda qoʻli bor edi. Shu alfozda muzofotda shohning mansabparast raqiblari qon toʻkishni boshlab   yuborishdi.

 Fitnadan ijirgʻangan Zahiriddinning kichik mushtlari qattiq tugildi. ”Kaltabinlik va jaholatdan qutulmoqning chorasi bormikan? – dedi u. –  Roʻparamizda ne-ne gʻanimlar fursat poylab turganda, it-mushuk boʻlib nega bir-birimizni gʻajiymiz?!”

Yaxshi orzular ogʻushida yurgan Bobur Mirzo boshiga kafolat bera olmasligini anglab yetdi. Bu borada koʻp oʻy suraverib, axiyri bir qarorga keldi: “Saltanatdan boshimni olib ketamen.  Oʻzimni boshqa maydonlarda  sinab  koʻramen. Yo osti, yo usti!”.

Safar oldidan Bobur Mirzo  buvisining qoshiga kirdi. Momo nevarasini  erinmay tingladi, soʻzlarini taroziga solib koʻrdi-da,  noiloj taklifiga    rozi boʻldi.

 –Nima derdim, bahodirim. Gʻanimlar sizni nobud qilib qoʻyishidan tashvishdamen. Bu talotoʻmda Andijondin chiqib ketmogʻingiz maqbul  ishdur. Rozimen, bolam, rozimen. Sohibqiron bobongiz yangligʻ shuhratingiz  olamga yoyilishini  juda-juda istaymen.

Eson Davlatbegim nabirasiga oq  fotiha berdi. U dam yigʻlar, dam shodlanar, yuragi allaqanday hapriqib  borardi.

Shom qorongʻusida Bobur Mirzo xos yigitlari hamrohligida olis, ancha olis safarga  otlandi.

[1]Qubo – Quva.

BAXTIYOR OMON