Bugun, 5-fevral kuni, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Nurafshon filialining qurilayotgan kampusini borib ko'rdilar.
Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 7-may 2021 yil 288-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan va "Nurafshon business city" da joy olgan Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Nurafshon filialining zamonaviy kampusi barpo etilmoqda.
AKT vaziri Sh. Shermatov TATU Nurafshon filiali kampusini barpo etish bo‘ycha qurilish jarayonlari bilan yaqindan tanishib, olib borilayotgan ishlarni jadallashtirish bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Nurafshon fililali kampusi zamonaviy o‘quv va turar joy kompleks tarzda bunyod etilib, unda yoshlar uchun barcha sharoitlar yaratiladi. Qurilayotgan kampus hududida universitet, texnikum, 630 o‘rinli yotoqxona binosi, o‘quv laboratoriya, sport inshooti joylashadi.
Tashrif chog‘ida AKT vaziri Sh. Shermatov Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Nurafshon filialida IT Park filialini ochish o‘rqali ilm-fan va ishlab chiqarishni uzviy bog‘lash, dam olish uchun imkoniyatlarni yaratish bo‘yicha takliflarni berdi.
- Mazkur kampusda IT Park filialini ochishdan belgilangan maqsad samarali nazariy va amaliy o‘quv tizimini tashkil etish, yoshlarning salohiyatini oshirish, ularga o‘z startap g‘oya va biznes loyihalarni hayotga tatbiq etish uchun imkoniyat yaratishdir.Bu esa yaqin kelajakda mahalliy yoshlarning bandligini oshirishda va yuqori maoshli kasblarni egallashga zamin yaratadi. Bir so‘z bilan aytganda, universitetning Nurafshon filialida zamonaviy IT-klasterni barpo etish ko‘zda tutilgan.
Oldimizda turgan yana bir muhim masala - yoshlarning o‘qishdan tashqari bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish. Shu bois mazkur hududda istirohat qilish rekreatsion zonalarni va yashil hududlarni tashkil etish kerak,- deya ta’kidladi soha rahbari.
Ma’lumot uchun:
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Nurafshon filiali O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 7-mayda qabul qilingan 2021 yil 288-son qaroriga muvofiq tashkil etilib, 2021/2022-o‘quv yildan o‘z faoliyatini boshladi.
Qaror bilan universitet huzurida faoliyat yurituvchi, oliy ta’lim tizimi bilan integratsiyalashgan o‘rta maxsus professional ta’lim bosqichida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlaydigan texnikumlar tashkil etilmoqda.
Hozirgi kunda TATU Nurafshon filiali poytaxtimizdagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining bosh korpusining binolaridan birida joylashgan.
Filialda 5 ta bakalavr va 2 ta magistratura yo‘nalishi bo‘yicha 224 nafar talabalar tahsil olmoqda. 2022/2023 o‘quv yilida filialda 2 ta yangi bakalavr ta’lim yo‘nalishlarini va 2 ta magistratura mutahassisliklarini hamda sirtqi ta’lim shaklini ochish, mos ravishda qabul kvotasini 391 taga yetkazish rejalashtirilgan.
Manba: MITC