Qurbon hayiti munosabati bilan TATU rektori tabrigi

  • Asosiy
  • Qurbon hayiti munosabati bilan TATU rektori tabrigi

Muhtaram Ustozlar, aziz talabalar!

Yurtimizda va butun musulmon dunyosida nishonlanayotgan Qurbon hayiti bilan sizlarni, sizning oila aʼzolaringizni, shuningdek, barcha muslim va muslimalarni oʼzim va Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti rahbariyati nomidan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Аvvalo, osmonimizni musaffo qilib turgan, elimizni tinch, omon, xonodonimizni fayzli, barokatli, qalblarimizni imonli, e'tiqodli qilib turgan Yaratganga shukronalar aytamiz!

Hech kimga sir emaski, bugungi kunda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning saʼy-harakatlari bilan Mamlakatimizda juda katta oʼzgarishlar, asrlar davomida hech qachon boʼlmagan islohotlar olib borilmoqda. Taʼlim tizimini tubdan takomillashtirish, sifatli va malakali kadrlar tayyorlash ham shular jumlasidandir.

Аyni haqiqatki, Oʼzbekistonning jahon miqyosidagi nufuzi yosh, tajribali, chuqur bilim va zehnga ega boʼlgan, zamonaviy axborot texnologiyalari bilimini chuqur egallagan yoshlarimizning qoʼlidadir. Bizning universitetimiz ham bugungi kunda jonajon Vatanimizga АKT sohasida ilgʼor kadrlar yetishtirib beruvchi yetakchi oliygohlardan biridir. Yuqoridagilarni inobatga olib, universitet va universitet rahbariyati yoshlarimizni zamonaviy bilim egallashlari va elimizga-yurtimizga nafi tegadigan ilgʼor kadrlar tayyorlashda astoyidil ter toʼkmoqdalar.

Zero, bugungi kunda axborot texnologiyalari sohasida chuqur bilim egallagan va ushbu bilimlarini mamlakatimiz ravnaqi yoʼlida safarbar etayotgan vatandoshlarimizga Аllohning oʼzi ajr-u savoblar yozsin!

Hurmatli hamkasblar, qadrli talabalar!

Mana shunday fayzli kunlar Yurtimizda koʼp boʼlsin. Oilalarimizdan tinchlik, fayz-u barokat arimasin! Yurtboshimiz taʼkidlaganidek, ezgu intilish va ishlarimizda Yaratganning oʼzi hamisha madadkor boʼlsin!

Yana bir bor barchangizga Qurbon hayiti muborak boʼlsin!