TATUda imkoniyati cheklangan (eshitish va gapirishda nuqsoni bo'lgan xotin-qizlar va yoshlar) fuqarolarni AT sohasiga o'qitishga ixtisoslashgan STEM markazi bitiruvchilarini taqdirlash marosimi bo`lib o`tdi.

  • Home
  • TATUda imkoniyati cheklangan (eshitish va gapirishda nuqsoni bo'lgan xotin-qizlar va yoshlar) fuqarolarni AT sohasiga o'qitishga ixtisoslashgan STEM markazi bitiruvchilarini taqdirlash marosimi bo`lib o`tdi.

2021-yil 29-iyun kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida imkoniyati cheklangan (eshitish va gapirishda nuqsoni bo‘lgan xotin-qizlar va yoshlar) fuqarolarni AT sohasiga o‘qitishga ixtisoslashgan STEM markazi bitiruvchilariga sertifikat topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi va BMT taraqqiyot dasturining "Аyollarning davlat boshqaruvi va ijtimoiy-iqtisodiy hayotda ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish" qo‘shma loyihasi tomonidan Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ko‘magida tashkil etildi.

Taqdirlash marosimida O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, BMT taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Yaponiya hukumati elchixonasi, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti vakillari, STEM markazi xodimlari va bitiruvchilar ishtirok etishdi.

Jami 54 imkoniyati cheklangan tinglovchi (jumladan, 26 nafar xotin-qizlar) ikki oylik AT-kurslarini tugatdilar va STEM markazining sertifikatlari bilan taqdirlandilar. Ushbu kurslarda o‘rta maktab, litsey va kolledj bitiruvchilari, uy bekalari va ish qidirayotgan yoshlar ishtirok etishdi. Kurslarga to‘rtta o‘qituvchi va to‘rtta surdo-tarjimon jalb qilingan bo‘lib, TATU va "Ict Academy" nodavlat ta’lim muassasasi negizida tashkil etildi.

BMTning taraqqiyot dasturi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, "Mehr ko‘zda" NNT bilan hamkorlikda imkoniyati cheklangan insonlar uchun STEM markazi tashkil etilib, AT sohasiga doir darslarni olib borish uchun barcha texnik jixozlar ta’minlandi.

Mutaxassislar tomonidan kurs tinglovchilari – eshitish va gapirishda nuqsoni bo‘lgan xotin-qizlar va yoshlar uchun maxsus o‘quv dasturi ishlab chiqildi. Kurslarning asosiy mavzulari: kompyuter savodxonligi, onlayn davlat xizmatlari (ishga joylashish uchun ariza berish, internetda dori-darmonlarni sotib olish, yangi pasport olish uchun ariza berish, onlayn notarial xizmatlardan foydalanish), Zoom va Skayp platformalari va elektron pochtadan foydalanishga bag‘ishlangan.

 

TATU matbuot-xizmati