TATUda “Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar” yarmarkasi bo‘lib o‘tdi

  • Asosiy
  • TATUda “Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar” yarmarkasi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 7-iyun kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 iyundagi “Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularni mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” PQ-3775-sonli qarori 11-bandi hamda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 tashabbuslarni amalga oshirish yuzasidan “Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar” mavzusida ko‘rgazma tashkil etildi.

Ko‘rgazmaning asosiy maqsadi - iqtidorli talabalar tomonidan tayyorlangan innovatsion loyihalar salmog‘ini oshirish va ularni rag‘batlantirishdan iborat.

Ko‘rgazmani universitet rektori T. Teshabaev kirish so‘zi bilan ochib berdi. Shundan so‘ng yarmarkaning asosiy qismi: talabalarning ishlanmalarini namoyish etishga start berildi.

Yarmarkada talaba va magistrlar, yosh olimlar dasturiy va texnologik, jami 200 ga yaqin ishlanmalarini taqdim etishdi. Bular shunchaki loyiha emas — tayyor, amaliyotda qo‘llash boshlab yuborilgan ishlanmalar hisoblanib, bir qanchasi hozir soha-korxonalarda hamda jamiyatning boshqa sohalarida tadbiq etilayotgan loyihalardir.


Yarmarka doirasida “Eng yaxshi mustaqil ish”, “Eng yaxshi ijodiy yondashuv”, “Eng yaxshi innovatsion g‘oya” va “Innovatsion ta’lim” tanlovlari tashkil etildi. Bundan tashqari, “Kibersport” yo‘nalishi bo‘yicha iqtidorli talabalar jamoalari o‘rtasida musobaqa, “RoboticsLab” MChJ tomonidan talabalar o‘rtasida innovatsion g‘oyalar va ishlanmalar tanlovinng final bosqichi, axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasining “Texnik ko‘maklashish markazi” davlat unitar korxonasi tomonidan “Axborot xavfsizligi” yo‘nalishi bo‘yicha Quest-viktorina, “Marcos Soft” MJCh tomonidan iqtidorli talabalarning loyihalarini qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida “Dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqarish” yo‘nalishida talabalarning ishlanmalari tanlovi, “IT Park” direktori maslahatchisi Govindasvami Partasarti tomonidan “Startap loyihalarida muvaffaqiyatga erishish” nomli taqdimot tashkil etildi.



Yarmarka yakunida tanlov g‘oliblari diplom va estalik sovg‘lari bilan taqdirlandi. Bundan tashqari, eng yaxshi ishlanmalar egalari iyul oyida Berlinga (Germaniya) malaka oshirish o‘quv-kurslariga yuborilishi rejalashtirilgan.

TATU matbuot xizmati