
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar bilan ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi Prezident Farmoni (PF-61-son, 26.03.2025-y.) qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2025-yildan “El-yurt umidi” jamg‘armasining yangi stipendiya yo‘nalishi sifatida “Yorqin iste’dod” loyihasi joriy etiladi.
Bunda quyidagilar nazarda tutiladi:
▪️har yili iqtidorli, bilimga chanqoq, og‘ir oilaviy sharoiti sababli o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lmagan kambag‘al oilalar farzandlarini xorijda o‘qitish maqsadida har bir mahalladan faol yoshlarni saralash;
▪️saralab olingan yoshlarning iqtidorini aniqlash orqali ularni salohiyatiga mos xorijiy oliygohlarga yuborish uchun tayyorgarlik kurslarida o‘qitish;
📜 “El-yurt umidi” jamg‘armasiga joriy yilda “Yorqin iste’dod” loyihasi uchun 300 milliard so‘m ajratiladi.
✔️“El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali xorijiy mamlakatlarda ta’lim olib qaytgan stipendiatlar milliy kadrlar zaxirasiga to‘g‘ridan to‘g‘ri kiritiladi hamda ular davlat organlari, tashkilotlari va muassasalariga tanlovsiz ishga olinadi.
🗓2025-yil 1-iyundan:
🟢nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining yuqori 100 talik ro‘yxatiga kiritilgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarida ilmiy daraja (PhD va unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja) olgan 35 yoshgacha bo‘lgan mutaxassislarga uy-joy sotib olish uchun uy-joy joylashgan hududdan kelib chiqib, o‘n yil muddatga BHMning 2 150 baravarigacha miqdorda foizsiz ssuda ajratiladi;
🟢nufuzli xalqaro fan olimpiadalari g‘olib va sovrindorlariga to‘lanadigan bir martalik pul mukofotining amaldagi miqdorlari 5 baravarga oshiriladi.
✔️Bundan tashqari, xorijiy tillar bo‘yicha kamida C1 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatni olganiga 2 yildan oshmagan yoshlarga olis va borish qiyin bo‘lgan hududlarda chet tillariga ixtisoslashgan o‘quv markazlarini ochish uchun 6 oylik imtiyozli davr bilan 3-yil muddatga BHMning 320 baravarigacha miqdorda foizsiz ssuda beriladi.