Ganiev Salim Karimovich

Ism Sharifi: Ganiev Salim Karimovich
Tug‘ilgan sana: 1940 yil 12 fevral
Tug‘ilgan joyi: Toshkent
Ilmiy unvoni: Texnika fanlari doktori, professor
Ta’lim: 1956-1961 yillarda Toshkent Davlat universiteti
Yo‘nalish: Fizika
Mutaxasisligi: Fizik-radiofizik

   

   Ganiev Salim Karimovich - Axborot xavfsizligini taʼminlash va ularni himoyalash, kriptografiya va kriptoanaliz sohasida yirik olim.

   Ganiev Salim Karimovich, 1940 yil 12 fevralda Toshkent shahrida tugʼilgan. 1961 yili Toshkent Davlat universiteti (hozirgi Oʼzbekiston Milliy Universiteti)ning fizika fakultetini fizik (radiofizik) ixtisosligi boʼyicha bitirib, mehnat faoliyatini Oʼzbekiston Respublikasi fanlar akademiyasining “Xisoblash markazili mexanika instituti”da boshlagan. 1968 yili 24-mayda Ukraina milliy fanlar akademiyasining (Kiev shahri) “Kibernetika” institutida “Hisoblash texnikasi” mutaxassisligi boʼyicha “Baʼzi bir koʼpbogʼlamli obʼektlarni boshqarish tizimlarini sintezlash masalalari” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan.

   1988 yil 2 fevralda Ukraina milliy fanlar akademiyasining (Kiev shahri) “Energetikada modellash muammolari” institutida 05.13.13 “Hisoblash mashinalari komplekslari, tizimlari va tarmoqlari” va 05.13.05 “Hisoblash texnikasi va boshqarish tizimlari elementlari va qurilmalari” mutaxassisliklarining birikishida “Tajribaviy egri chiziqlarni avtomatlashtirilgan ishlash tizimlarida apparat va dasturiy vositalarni tashkil etish” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan.

   1969 yildan to 2005 yilgacha Toshkent Davlat texnika universitetida kafedra mudiri (32 yil), professor lavozimlarida ishlagan. 2005 yildan hozirga qadar “Toshkent axborot texnologiyalari universiteti”da professor lavozimida ishlab kelmoqda.

   S.K.Ganiev 300 dan ortiq ilmiy-oʼquv-uslubiy ishlanmalar muallifi. S.K.Ganiev rahbarligida va bevosita ishtirokida 2 ta monografiya, 5ta darslik, 15 dan ortiq oʼquv qoʼllanma, jumladan 2 tasi kasb-hunar kollejlari uchun tayyorlangan. Аxborot xavfsizligi boʼyicha 2000 atama va tushunchalarning rus, uzbek, ingliz tillaridagi izohli lugʼati tayyorlangan va chop etilgan. Ikkita oʼquv qoʼllanma Qoraqalpoq tiliga tarjima qilingan. Uning rahbarligida 211-16 KI talabasi Rustamov Umedjon 2019/2020 oʼquv yilida “Prezident stipendiyasi” sohibi boʼlgan.

   S.K.Ganiev oʼquv-uslubiy ishlari qatorida ilmiy-tadqiqot ishlarida faollik koʼrsatadi. Uning rahbarligida 2 ta fan doktori, 8 ta fan nomzodi, 3 ta falsafa doktori tayyorlangan. Hozirda 1 ta fan doktori va 2 ta falsafa doktori darajasini olish uchun ilmiy-tadqiqot ishlariga rahbarlik qilmoqda. Undan tashqari Davlat tomonidan moliyalangan fundamental va tatbiqiy ilmiy-tadqiqot ishlariga muntazam ravishda rahbarlik qilib kelmoqda, jumladan:

-           GNTP-17-010 «Spam xabarlar bilan kurashish boʼyicha qatʼiy mexanizm va vositalarni ishlab chiqish» 2009-2011 yillar, 18 mln.soʼm;

-           F4-019 «Аxborot xavfsizligi koʼrsatkichlari va mezonlari tizimini shakllantirish muammolarining tadqiqi» 2012-2016 yillar, 75 mln.soʼm;

-           А5-063 “Аxborot kommunikatsiya tizimlarida tarmoqlararo ekranlash va monitoringlashning kompleks usulini ishlab chiqish” 2015-2017 yillar, 120 mln.soʼm;

-           BV F4-0023 Taqsimlangan axborot-kommunikatsiya tizimlarida intsidentlar va kiberxujumlarga qarshi xarakatlarni boshqarish muammolarini tadqiq etish 2017-2020 yillar, 220 mln.soʼm.

   S.K.Ganiev universitet va respublika miqyosidagi jamoat ishlarida faol qatnashgan va qatnashib kelmoqda. Oʼz vaqtida Respublika Oliy attestatsiya komissiyasida ekspert vazifasini bajargan. Hozirda Toshkent axborot texnologiyalari universitetida Ilmiy-texnik kengash aʼzosi hamda universitet huzuridagi daraja beruvchi DSc 27.06.2017.T07.01 Ilmiy kengash aʼzosi sifatida faoliyat koʼrsatib kelmoqda.