Xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlari va musobaqalari g‘oliblarini qabul qilish
18. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston o‘quvchi yoshlarini rag‘batlantirish choralari to‘g‘risida» 1993 yil 5 fevraldagi PF-555-son Farmoniga muvofiq hamda Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risida» 2008 yil 13 oktyabrdagi 226-son qarori bilan tasdiqlangan Xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlari, musobaqalari g‘oliblari bo‘lgan akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini taqdirlash tartibi to‘g‘risidagi Nizom hamda Respublika olimpiadalari, tanlovlari va sport musobaqalarini o‘tkazish to‘g‘risidagi Nizomlar asosida xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlari va musobaqalari g‘oliblari hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi ta’sis etadigan maxsus guvohnomani olganlar Davlat komissiyasining qarori bilan tegishli oliy ta’lim muassasalarining mos ta’lim yo‘nalishlariga tanlovdan tashqari test sinovlarisiz va kasbiy (ijodiy) imtihonlarsiz davlat grantlari asosida qabul qilinadilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini ta’sis etish bo‘yicha takliflarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida» 1999 yil 10 iyundagi PF-2326-son Farmoniga muvofiq Zulfiya nomidagi Davlat mukofotlari sohibalari bo‘lgan umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilari mos ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha oliy ta’lim muassasalariga tanlovdan tashqari test sinovlarisiz va kasbiy (ijodiy) imtihonlarsiz davlat grantlari asosida qabul qilinadilar.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi va tegishli vazirliklar, idoralar tomonidan har yili o‘tkaziladigan pedagogika o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalari bitiruvchilari va ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilarining «Tarbiyachi» respublika tanlovi g‘olibi, tibbiyot muassasalari hamshiralarining «Hamshira» respublika tanlovi g‘olibi, Badiiy akademiyaning tasviriy san’at bo‘yicha respublika tanlovi g‘oliblari, «Nihol» mukofoti sovrindorlari mazkur vazirliklar, idoralar va jamg‘armalar taqdimnomalariga muvofiq Davlat komissiyasining qarori bilan tegishli oliy ta’lim muassasalariga, mos ta’lim yo‘nalishlariga tanlovdan tashqari test sinovlarisiz va kasbiy (ijodiy) imtihonlarsiz davlat grantlari asosida qabul qilinadilar.
Olimpiada fani, tanlovlar bilan oliy ta’lim yo‘nalishlari o‘rtasidagi kasbiy muvofiqlik Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi hamda Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi va Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
Oliy ta’lim muassasalari qabul komissiyalari olimpiadalar, tanlovlar va musobaqalar g‘oliblarining arizalari haqidagi ma’lumotlarni, ta’lim yo‘nalishi, o‘quv shakli va tili ko‘rsatilgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi orqali Davlat komissiyasiga 22 iyulgacha bo‘lgan muddatda taqdim etadilar. Davlat komissiyasi 31 iyulgacha g‘olib bo‘lganlar bo‘yicha tegishli vazirliklar, idoralarning taqdimnomasi asosida alohida qaror qabul qiladi.