Kasbiy (ijodiy) imtihonlarni o‘tkazish tartibi

  • Startseite
  • Kasbiy (ijodiy) imtihonlarni o‘tkazish tartibi

Oliy ta’lim muassasalarida yagona ko‘p balli baholash tizimi bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlarni o‘tkazish

TARTIBI

1. Oliy ta’lim muassasalarida yagona ko‘p balli baholash tizimi bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar (keyingi o‘rinlarda — imtihonlar deb ataladi) test sinovlari boshlangunga qadar Davlat komissiyasi belgilagan muddatlarda o‘tkaziladi.

2. Test sinovlariga qo‘shimcha tarzda nazarda tutilgan kasbiy (ijodiy) imtihonlar Davlat komissiyasi tasdiqlagan ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati bo‘yicha o‘tkaziladi.

3. Kasbiy (ijodiy) imtihonlarning bosh maqsadi abiturientlarning tanlangan mutaxassislik bo‘yicha o‘qish va keyinchalik ishlab ketish imkoniyatlarini aniqlash, ularning tanlangan fanlar bo‘yicha bilimlari va malakalari darajalarini, kasbiy ko‘nikmalarini, ijodiy va jismoniy qobiliyatlarini baholashdir.

4. Imtihonlar savollari va topshiriqlarining mazmuni umumiy o‘rta ta’lim va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari dasturlariga qat’iy muvofiqlashtirilgan bo‘lishi lozim. Sport fanlari bo‘yicha imtihonlar topshiriqlari abiturientlarning alohida toifalari uchun (jinsi va yoshi bo‘yicha) belgilangan me’yoriy talablarga muvofiq tuziladi.

5. Abiturientlardan kasbiy (ijodiy) imtihonlar qabul qilish uchun oliy ta’lim muassasasida fan bo‘yicha imtihon komissiyasi tashkil etiladi.
Oliy ta’lim muassasasida kasbiy (ijodiy) imtihonlarni tashkil etish va o‘tkazish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

  • imtihonlar boshlanishidan bir oy oldin rektorning buyrug‘i bilan oliy ta’lim muassasasida tegishli fanlar bo‘yicha imtihonlarni tashkil etish va qabul qilish masalalari bo‘yicha tajribali, malakali va mas’uliyatli o‘qituvchilar tarkibidan fan bo‘yicha imtihon komissiyasi tashkil etiladi;
  • ayrim hollarda oliy ta’lim muassasasi fan bo‘yicha imtihon komissiyasi tarkibiga boshqa ta’lim muassasalari o‘qituvchilari va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlarining asosiy ish joyi ma’muriyatining tavsiyalariga binoan kiritilishiga yo‘l qo‘yiladi;
  • oliy ta’lim muassasasi idoraviy bo‘ysunishiga qarab vazirlik (idora) bilan kelishgan holda fan bo‘yicha imtihon komissiyasining raisligiga nomzodni o‘z vaqtida tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga taqdim etadi;
  • «Oliy hamshiralik ishi» yo‘nalishi bo‘yicha imtihon komissiyalarining raislari O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi;
  • imtihonlar tasdiqlangan jadvalga qat’iy rioya etilgan holda o‘tkaziladi;
  • imtihonlarga ajratiladigan vaqt oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasining qarori bilan belgilanadi;
  • abiturientlarning yozma shaklda bajargan imtihon ishlarini tekshirish va baholash kirish yozma imtihonlarini tekshirish va baholash uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

6. Imtihonlar test sinovlari majmualaridagi fanning egallagan o‘rniga qarab (tegishli ravishda 75,6 ball yoki 39,6 ball) belgilangan eng ko‘p ballning 0 dan 100 foizgacha bo‘lgan oralig‘ida, yagona ko‘p balli tizim bo‘yicha baholanadi.

Imtihonlarni baholash mezonlari har bir fanga ajratilgan umumiy ballar doirasida, abiturientlarga qo‘yilgan talablarning xususiyatlari hisobga olingan holda, oliy ta’lim muassasasining fan imtihon komissiyasi tomonidan belgilanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladigan fanlar bo‘yicha yagona dastur va baholash mezonlarini tasdiqlaydi va tegishligiga qarab oliy ta’lim muassasalariga yetkazadi.

Agar imtihon ta’lim yo‘nalishi doirasidagi qator mustaqil fanlar bo‘yicha o‘tkaziladigan bo‘lsa, unda uni baholash uchun belgilangan ballarning umumiy miqdori, har bir fanning xususiyatlari hisobga olingan holda, differensial tartibda, uning tarkibidagi fanlarga bo‘linadi.

Oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi imtihonlar boshlanishidan bir oy oldin abiturientlar e’tiboriga O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan imtihon olinadigan fanlar dasturini, ularni baholash mezonlarini, maslahatlar va imtihonlar jadvalini ma’lum qiladi. «Oliy hamshiralik ishi» yo‘nalishi bo‘yicha ushbu tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

7. Imtihonlar yakunlari ballar miqdori sifatida, tanlov tartibida imtihon varaqasiga va imtihon ro‘yxatiga kiritiladi. Bu hujjatlarning har biri fan bo‘yicha imtihon komissiyasi raisi va oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasining mas’ul kotibi tomonidan imzolanadi.

Imtihon qaydnomalari oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi tomonidan o‘z vaqtida Davlat test markaziga taqdim etiladi.

8. Jadval bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlarga kelmagan abiturientlar test sinovlariga qo‘yilmaydi.

9. Oliy ta’lim muassasasida kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tkazilishi davrida belgilangan tartibda norozilik (apellyatsiya) arizalarini ko‘rib chiqish uchun appelyatsiya komissiyasi ishi tashkil etiladi.