


Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti vakillari Tojikiston Respublikasining Kulyab shahrida joylashgan Innovatsiyalar va raqamli texnologiyalar universitetida tashkil etilgan “Ta’limda raqamli tizimlarni joriy etish: innovatsiya va sun’iy intellekt” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etdilar.
2026-yil 23–24-aprel kunlari bo‘lib o‘tgan mazkur konferensiyada turli davlatlardan olimlar, tadqiqotchilar, professor-o‘qituvchilar hamda soha mutaxassislari qatnashdi. Tadbir doirasida ta’limda raqamli transformatsiya, sun’iy intellektning o‘rni, elektron ta’lim resurslari hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Konferensiya davomida TATU vakillari tomonidan ham ilmiy ma’ruzalar taqdim etilib, ta’lim jarayonida sun’iy intellektni qo‘llash, innovatsion yondashuvlar va ularning amaliy natijalari yuzasidan tajribalar bilan o‘rtoqlashildi.
Shuningdek, tashrif doirasida xorijiy oliy ta’lim muassasalari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish, akademik almashinuv dasturlarini kengaytirish hamda qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Mazkur ishtirok TATUning xalqaro ilmiy hamkorligini yanada mustahkamlash hamda ta’lim sifatini oshirishga xizmat qiladi.