TATU rektorining “1-oktyabr – o‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan professor-o‘qituvchilarga bayram tabrigi

  • Startseite
  • TATU rektorining “1-oktyabr – o‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan professor-o‘qituvchilarga bayram tabrigi

Bugun, barchamiz uchun eng aziz, eng qadrli bo‘lgan farzandlarimizga bilim va tarbiya berishdek ulug‘ ishga butun borlig‘ini bag‘ishlagan Siz, hurmatli professor-o‘qituvchilar va murabbiylarni kasb bayramlaringiz bilan chin qalbimdan tabriklab, ezgu tilaklarimni bildirishdan baxtiyorman.

Aziz do‘stlar!

Haqiqatan ham, dunyodagi ming-minglab kasblar orasida ikkita buyuk kasb – shifokorlik va o‘qituvchilik kasbi borki, ular, toki hayot bor ekan, o‘zining ma’no-mazmunini va olijanobligini, ahamiyati va hurmatini hech qachon yo‘qotmaydi.

Xalqimizda ilm o‘rganmoq igna bilan quduq qazishga qiyoslanadi. Kezi kelsa, hayot va borliq mohiyati, sir-asrorlariga bo‘ying barobar kitoblarni o‘qib ham yetish mushkul. Biroq ilm o‘rgatmoq zaxmati undan-da mashaqqatli. Zero, oqu-qorani farqlay olmaydigan go‘dak olimlik rutbasiga yetishi uchun taxlam-taxlam kitoblarni o‘qishning o‘zi kamlik qiladi. Ustoz bu ishga butun borlig‘ini, mehrini baxsh etadi. Darhaqiqat, minglab murg‘ak qalblarga oqu-qorani tanitadigan, ezgulik yog‘dusini baxsh etadigan, kelajakka tiyrak nigox tashlashga o‘rgatadigan, yoshlar qalbida ertangi kunga qat’iy ishonch uyg‘otadigan, shogirdlari uchun hayotning achchiq-chuchuk sinovlarida doimo yordamga shay turadigan, qoqilsa - suyab, yiqilsa - turg‘izadigan, yutuqlaridan boladek quvonadigan o‘qituvchi va murabbiylar mehnatining o‘lchovi, qiyosi yo‘q.

Hech kimga sir emas, bugungi kunda faqat yuksak bilimli, zamonaviy, mustaqil fikrlaydigan, intellektual rivojlangan va amaliy kasb-hunarlarga ega bo‘lgan yoshlargina buyuk kelajakni ta’minlashi mumkin. Ana shunday yetuk mutaxassis kadrni Siz tarbiyalab, voyaga yetkazasiz, Aziz xamkasblar! O‘zbekning, O‘zbekistonning kelajak taqdiriga Sizlar mas’ulsizlar!

Hurmatli hamkasblar, kasb bayramlaringiz bilan yana bir bor samimiy tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxtu-saodat, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik tilayman!