Talabalar yotoqxonasiga joylashish uchun yo‘llanmalar dastlab imtiyozli (yotoqxonaga joylashishda ustuvorligi bor talabalar) ro‘yxat, so‘ng umumiy ro‘yxatdagi navbat bo‘yicha avtomatik shakllantiriladi. Talabalarning quyidagi toifalariga yotoqxonaga joylashishda ustuvorlik beriladi:
- “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talabalar;
- “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”, “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari hamda “Yoshlar daftari”da turadigan talabalar;
- I va II guruh nogironli bo‘lgan talabalar;
- bir oiladan bakalavriat bosqichi kunduzgi ta’lim shaklida ikki yoki undan ortiq to‘lov-shartnoma asosida o‘qiyotgan oilalar farzandlari;
- xalqaro fan olimpiadalari, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan respublika fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lgan talabalar;
- “Yil talabasi” va “Talabalar teatr studiyalari” ko‘rik tanlovlarining respublika bosqichi g‘olib bo‘lgan talabalar;
- OTM talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual o‘yinining respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan talabalar;
- talabalar turar joyida talabalar kengashi raisi, qavat sardori bo‘lgan talabalar.
1-qadam: Tizimga kirish
Dastlab my.gov.uz portaliga kiriladi. Ushbu portalda avval ro‘yxatdan o‘tilgan bo‘lsa, ekranning chap yuqori qismidagi “Kirish”, ro‘yxatdan o‘tilmagan bo‘lsa, “Ro‘yxatdan o‘tish” tugmasi bosiladi. My.gov.uz portali xizmatlaridan foydalanish uchun OneID tizimida ro‘yxatdan o‘tish kerak, bu tizimda ro‘yxatdan o‘tish bo‘yicha qo‘llanma bilan bu yerda tanishish mumkin.
Avval ro‘yxatdan o‘tilgan bo‘lsa, belgilangan joyga login va parol yozilib, “Kirish” tugmasi bosiladi va avtorizatsiyadan o‘tiladi. Agar login yoki parol unutilgan bo‘lsa, “Login yoki parol yodingizdan chiqdimi?” havolasini bosib, ma’lumotlarni tiklab olish mumkin. Bu yerda OneID tizimdagi login va parolni qayta tiklash bo‘yicha qo‘llanma mavjud.
Avtorizatsiyadan so‘ng shaxsiy kabinetga o‘tiladi. “Sohalar” bo‘limidan “Ta’lim” bloki tanlanadi.
Navbatdagi oynaning qidiruviga “Talabalar” kalit so‘zi yoziladi va tizim tavsiya qilgan takliflar orasidan “Talabalar turar joyiga joylashish uchun ariza yuborish” bandi tanlanadi.
Xizmatdan foydalanish uchun biror-bir hujjatni taqdim etish shart emas, xizmat bepul va avtomatik tarzda amalga oshiriladi. Buning uchun “Xizmatdan foydalanish” tugmasini bosish kerak.
Oynada talabalikka tavsiya etilgan fuqaroning shaxsiy identifikatsion raqami (JSHSHIR) avtomatik tarzda chiqadi. Ommaviy oferta bilan tanishib chiqish kerak. Unda, jumladan, quyidagilar ko‘rsatib o‘tilgan:
- Arizada ko‘rsatilgan ustuvorlik/imtiyoz bo‘yicha ma’lumot axborot tizimi bazasida aniqlanmasa, ushbu ustuvorlik/imtiyoz avtomatik ravishda bekor qilinadi. Bunda belgilangan ustuvorlik/imtiyoz haqida noto‘g‘ri ma’lumot berilgan deb hisoblanadi va bu haqda ariza beruvchiga ma’lumot taqdim etilmaydi;
- Arizada noto‘g‘ri ma’lumotlar ko‘rsatilgan bo‘lsa, ularni bartaraf etish uchun ariza beruvchi tomonidan ariza bekor qilinadi va qaytadan yangi ariza yuborishi talab etiladi.
- Ariza beruvchi davlat xizmatlaridan foydalanishdan uni ko‘rsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega.
- Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishda arizani bekor qilganda, uning arizasi ko‘rmasdan qoldiriladi va navbatdan chiqariladi. Bunda navbatga turish haqidagi xabarnoma yoki yo‘llanma so‘rovnoma bilan birgalikda bekor qilinadi.
- Arizachi yo‘llanma shakllangani haqidagi xabarnomani Yagona portaldagi shaxsiy kabineti orqali va telefon raqamiga yuborilgan SMS orqali oladi.
- Talabani TTJga joylashtirish OTM va ariza beruvchi o‘rtasida shartnoma tuzish orqali rasmiylashtiriladi.
Ariza beruvchi yo‘llanma shakllangandan so‘ng 10 ish kuni mobaynida OTM bilan shartnoma tuzmasa yoki TTJ uchun dastlabki oylik to‘lovni to‘lamagan taqdirda, yo‘llanma bekor qilinadi.
“Keyingisi” tugmasini bosish orqali Ommaviy oferta talablari qabul qilinadi va ikkinchi qadam — “Arizachi haqida ma’lumot” qismiga o‘tiladi.
2-qadam: Arizachi haqida ma’lumot
Ushbu oynada arizachining ism-familiyasi, ro‘yxatdan o‘tgan manzili va qabul qilingan ta’lim muassasasi bazaviy ma’lumotlardan kelib chiqib avtomatik paydo bo‘ladi. “Doimiy ro‘yxatdan o‘tgan hudud”, “Doimiy ro‘yxatdan o‘tgan tuman” ma’lumotlari kiritilgach, “Ta’lim shartnoma asosida o‘qiyotgan aka-uka va opa-singlingiz mavjudmi yoki ota-onangiz “Temir daftar”, “Ayollar daftari”da ro‘yxatda turadimi?” degan savolga javob berish kerak. Agar yo‘q bo‘lsa, shu nomdagi variant belgilanib, “Yuborish” tugmasi bosiladi.
Agar ko‘rsatilgan savolga “Ha” javobi belgilansa, so‘ralgan ijtimoiy toifa bilan ariza beruvchining qarindoshlik darajasi, qarindoshining JSHSHIR ma’lumotlari, imtiyozlardan biri tanlanadi va “Yuborish” tugmasi bosiladi.
Shundan so‘ng to‘ldirilgan barcha ma’lumotlar bir oynada paydo bo‘ladi. Xatoliklarning oldini olish uchun ma’lumotlarni yuborishdan avval yana bir bor tekshirib ko‘rish lozim. Biror xatolik aniqlansa, “Orqaga”, bo‘lmasa, “Yuborish” tugmasi bosiladi.
Yakunda “Amallar xronologiyasi” paydo bo‘ladi. Uni PDF formatda yuklab olish ham mumkin. Ariza holati to‘g‘risidagi ma’lumotlar zarg‘aldoq rangdagi katakchada yangilanib turadi (masalan, quyidagi skrinshotdagi arizaning holati — yangi).
Ariza holatini tekshirish
Buning uchun ariza topshirish jarayonidagi dastlabki bir nechta harakatlar takrorlanadi. Login va parolni kiritib, My.gov.uz portalidagi shaxsiy kabinetga kirish kerak. Avtorizatsiyadan so‘ng portal sahifalarining yuqori qismida “Foydalanuvchi menyusi” paydo bo‘ladi — u yerdan “Mening arizalarim” bandini tanlash kerak.
“Mening arizalarim” sahifasida berilgan arizalarning holatini ko‘rish mumkin. Masalan, quyidagi skrinshotda 1-kurs talabasining yotoqxonaga joylashish bo‘yicha arizasining holati — “Jarayonda”.
Talabalar turar joyiga navbatni tekshirish
Yagona portaldagi ushbu xizmat 30-avgustdan so‘ng — arizalar topshirish jarayoni yakunlangach ishga tushadi. Mazkur xizmat orqali ariza beruvchilar talabalar turar joyidagi navbatlarini tekshirib turishi mumkin.
Buning uchun yana My.gov.uz portaliga kirib, avtorizatsiyadan o‘tiladi. Shaxsiy kabinetda “Ta’lim” bo‘limi tanlanadi. Ochilgan sahifaning qidiruv qismiga “talabalar” kalit so‘zi kiritiladi va qidiruv tizimi taklif qilgan xizmatlar orasidan “Talabalar turar joyiga navbatni tekshirish” tanlanadi.
Oynaning pastki qismida xizmatdan foydalanish statistikasi bilan tanishish mumkin. Masalan, 23-avgust soat 23:22 holatiga ko‘ra, 1745 ta ariza topshirilgan. Xizmatdan foydalanish uchun yuqori chap tarafdagi “Xizmatdan foydalanish” tugmasi bosiladi.
Ushbu oynada ariza beruvchining shaxsiy identifikatsion raqami (JSHSHIR) avtomatik tarzda chiqadi. To‘ldirilishi majburiy bo‘lgan himoya kodi qatoridagi arifmetik amalni bajarib, “Tekshirish” tugmasi bosiladi.
Ushbu tekshiruv 23-avgustda, ya’ni hali arizalar qabul qilish yakunmagan vaqtda amalga oshirilgani uchun oynada “Ushbu so‘rov uchun navbat shakllanmagan” yozuvi paydo bo‘ldi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligidan “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishlaricha, 30-avgustdan so‘ng “Tekshirish” tugmasi bosilgach, ushbu qismda biror raqam chiqsa, bu ariza beruvchining arizasi qabul qilinganini anglatadi va ko‘rsatilgan raqam u qabul qilingan OTMdagi imtiyoz kategoriyasidan kelib chiqqan holda uning navbati nechanchi ekanini ko‘rsatadi.
Masalan, tizim ariza beruvchiga 350-raqamini ko‘rsatsa, demak, undan yuqorida turgan 349 kishi yotoqxona bilan ta’minlanishi bilan 350-o‘rindagi talaba bilan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xodimlari aloqaga chiqadi, kerakli ma’lumotlarni taqdim etadi, turar joy bo‘yicha kelishuvlarni tushuntiradi.