O‘zbekiston va Koreya: yuqori texnologiyalar sohasida kadrlar salohiyati oshirilmoqda

  • Startseite
  • O‘zbekiston va Koreya: yuqori texnologiyalar sohasida kadrlar salohiyati oshirilmoqda

 

O‘zbekiston va Koreya: yuqori texnologiyalar sohasida kadrlar salohiyati oshirilmoqda

💻 O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida yarimo‘tkazgichlar hamda integral mikrosxemalarni loyihalash sohasida malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik izchil rivojlanmoqda.

📍 2026-yil 13-sentabrdan 15-noyabrgacha Janubiy Koreyada IC Design (integral mikrosxemalarni loyihalash) va APT (mikrosxemalarni yig‘ish, korpuslash va sinovdan o‘tkazish) yo‘nalishlari bo‘yicha xalqaro malaka oshirish dasturi amalga oshirilmoqda.

🎓 Dasturda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining “Robototexnika va intellektual tizimlar” kafedrasi mudiri K. Shukurov hamda “Elektronika va radiotexnika” kafedrasi dotsenti A. Rasulov ishtirok etmoqda.

🌐 Dasturning birinchi bosqichida O‘zbekistonning turli oliy ta’lim muassasalari va ishlab chiqarish korxonalaridan saralangan 20 nafar talaba, professor-o‘qituvchi va soha mutaxassisi o‘z bilim va ko‘nikmalarini oshirmoqda.

🤝 “Uzeltexsanoat” uyushmasi va Janubiy Koreyaning MetaOnTech kompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan dastur doirasidagi nazariy va amaliy mashg‘ulotlar Soongsil hamda Hoseo universitetlarida olib borilmoqda.

Ishtirokchilar integral mikrosxemalarni loyihalash, analog va raqamli mikrosxemalar yaratish asoslarini o‘rganish, xalqaro ko‘rgazmalarda qatnashish hamda Janubiy Koreyaning ilg‘or texnologik korxonalari faoliyati bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.



🚀 Dasturning keyingi bosqichida O‘zbekistonning oliy ta’lim muassasalari va yarimo‘tkazgichlar sanoati korxonalaridan 100 nafardan ortiq talaba, professor-o‘qituvchi va mutaxassisni saralash hamda ularning Janubiy Koreya va Malayziyada malaka oshirishini tashkil etish rejalashtirilgan.

Mazkur tashabbus yuqori texnologiyalar sanoati uchun malakali muhandislar tayyorlash, xalqaro tajribani ta’lim va ishlab chiqarishga tatbiq etish hamda universitetlar va sanoat korxonalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.