


Joriy yilning 5-may kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida “CYBER SECURITY EXPO–2026” nomli kiberxavfsizlik sohasiga oid apparat va dasturiy ishlanmalar ko‘rgazmasi hamda innovatsion startap loyihalar taqdimoti yuqori saviyada tashkil etildi.
Mazkur nufuzli tadbirda respublikamizning yetakchi tashkilotlari rahbarlari va mutaxassislari, jumladan:
• “Kiberxavfsizlik markazi” davlat muassasasi rahbariyati;
• “CyberPark” MChJ vakillari;
• “Aloqabank” hamda Ichki ishlar vazirligi mutasaddilari;
• xorijiy mehmonlar faol ishtirok etdilar.
Tadbir davomida universitet huzuridagi “Muhandislik maktabi”ning zamonaviy imkoniyatlari keng namoyish etildi. Shuningdek, talabalar tomonidan yaratilgan kiberxavfsizlik yo‘nalishidagi ilg‘or apparat va dasturiy ishlanmalar ko‘rgazmasi katta qiziqish bilan kutib olindi.
Professor-o‘qituvchilar, talabalar va mehmonlar ishtirokida sohaning dolzarb yo‘nalishlariga bag‘ishlangan startap loyihalar taqdimoti ham o‘tkazildi.
Tadbir yakunida:
• “Kiberxavfsizlik markazi” davlat muassasasi — “Gold hamkor”;
• “CyberPark” MChJ — “Platinum hamkor” sifatida e’tirof etilib, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Ko‘rgazma yuqori tashkiliy saviyada, samarali muloqotlar ruhida o‘tkazilib, ishtirokchilarda iliq taassurotlar qoldirdi.