Universitetimiz jamoasiga O‘zbekiston xalq yozuvchisi, O‘zbekiston Qahramoni Said Ahmad va shoira Saida Zunnunovaning ibratli hayoti va o‘lmas ijodini keng targ‘ib qilishga ishonch bildirilgani bizni adabiyotga yana-da yaqinlashtirdi.
Ushbu ezgu tashabbusni ro‘yobga chiqarish borasidagi tizimli ishlarimizni reja asosida amalga oshirib kelyapmiz. Adiblar xiyobonida tez-tez bo‘lib, u yerda maʼnaviyat soatlarini tashkil etish doimiy faoliyatimizga aylandi.
Bundan tashqari, respublika miqyosidagi targ‘ibot ishlarini ham yo‘lga qo‘ydik. Xususan, joriy yilning 10 iyun kuni universitetimiz mediamarkazida adib tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan onlayn konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda Said Ahmadning farzandi Nodira Husanxo‘jayeva, Respublika maʼnaviyat va maʼrifat kengashi rahbari, senator Minhojiddin Hojimatov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari, adiblar, adabiyotshunos olimlar, adibning shogirdlari va zamondoshlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Iyul oyida esa Said Ahmad va Saida Zunnunova asarlari asosida “Kitobxon talaba” onlayn tanlovi tashkil etildi. Ijodiy juftlikning asarlarini yoshlarimizga, jamoatchilikka, kerak bo‘lsa, butun dunyoga keng targ‘ib qilish maqsadida saidahmad.uz vebsaytini ishga tushirdik. Saytga har ikki ijodkorning hayoti va ijodi, asarlari haqida batafsil maʼlumotlar joylangan.
Endilikda Said Ahmad va Saida Zunnunova ijodiga qiziqadigan kitobxonlar saytimizdan elektron kitoblarni bemalol yuklab olishi va mutolaa qilishi mumkin. Taʼkidlash joizki, Said Ahmad ijodiy merosining elektron bazasi ham shakllantirilmoqda. Yil oxiriga qadar universitet iqtidorli talabayoshlari ko‘magi bilan Said Ahmad va Saida Zunnunova uymuzeyining virtual ko‘rinishini yaratish, Said Ahmad asarlari asosida sahna ko‘rinishi sahnalashtirish, professoro‘qituvchilar boshchiligida guruhlar kesimida har oyda Adiblar xiyobonida maʼnaviyat soati va ijodiy uchrashuvlarning davomiyligini taʼminlash belgilab olindi.
Muxtasar aytganda, Said Ahmad va Saida Zunnunova hayoti va ijodini o‘rganish yoshlarimiz qalbiga g‘urur bag‘ishlaydi. Eng muhimi, mashaqqatli hayot yo‘llarida sinalgan sadoqat ularga ibrat maktabi bo‘ladi, deb o‘ylayman.
To‘lqin TESHABOYEV,
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti rektori