“ErasmusDays”ga bagʻishlangan onlayn tadbir boʻlib oʻtdi

  • Startseite
  • “ErasmusDays”ga bagʻishlangan onlayn tadbir boʻlib oʻtdi

Joriy yilning 17-oktabr kuni “MechaUz: Innovatsion gʻoyalar va raqamli texnologiyalar yordamida Oʻzbekistonda bakalavr darajasi uchun mexatronika va robotexnikani modernizatsiya qilish” loyihasi ishtirokchilari tomonidan #ErasmusDaysʼga bagʻishlangan onlayn tadbir boʻlib oʻtdi.

Ushbu onlayn tadbir Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (TATU) vakillari tomonidan tashkil etilib, unda Andijon mashinasozlik instituti (AndMI), Fargʻona politexnika instituti (FPI), Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti (KarMI), Toshkent davlat texnika universiteti (TDTU), Toshkentdagi Turin politexnika universiteti (TTPU), “Erasmus”ning Oʻzbekistondagi bosh ofisi hamd Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligidan vakillar ishtirok etishdi.

Tadbir boshida loyihaning TATU boʻyicha bosh koordinatori Oʻ.R.Hamdamov soʻzga chiqdi hamda tadbirni tashkil etishning asosiy maqsadi va kun tartibida belgilangan vazifalar toʻgʻrisida tadbir ishtirokchilari uchun maʼlumotlarni keltirib oʻtdi va tadbirni ochish uchun soʻz navbati TATUning ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektor K.Tashevga berildi. K.Tashev loyiha doirasida universitetda amalga oshirilayotgan ishlar hamda rejalashtirilayotgan vazifalar toʻgʻrisida qisqacha toʻxtalib oʻtdi.

Tadbir davomida loyiha ishtirokchilari kun tartibida belgilangan quyidagi mavzularda nutq soʻzladilar va oʻzaro axborot almashdilar:

  • CBHE loyihalari: MechaUz misolida (maʼruzachi: AndMIning axborot texnologiyalari boʻyicha prorektori J. Rahmatillaev)
  • MechaUz loyihasining OTMlar salohiyatini oshirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlashdagi oʻrni (maʼruzachi: TATUning “Telekommunikatsiyada boshqaruv tizimlarining apparat va dasturiy taʼminoti” kafedrasi dotsenti, t.f.d. Oʻ.Hamdamov)
  • Erasmus+ loyihalari boʻyicha xalqaro hamkorlik (maʼruzachi: AndMIning xalqaro aloqalar boʻlimi boshligʻi Z.Jo‘rayev)
  • Robototexnika va Mexatronikaning “Sanoat 4.0” dagi oʻrni (maʼruzachi: TATUning “Maʼlumotlar uzatish tarmoqlari va tizimlari” kafedrasi mudiri, PhD, H.Ho‘jamatov)

Tadbir davomida barcha ishtirokchilar loyiha boʻyicha oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollarga toʻliq javob oldilar hamda oʻz fikr mulohazalari va takliflari bilan faol ishtirok etdilar. Tadbir soʻngida yuqorida maʼruzachilar tomonida keltirib oʻtilgan faktlar ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotganligini va ularda yaxshi taassurot qoldirganligini aytib oʻtdilar.