VATANIMIZ MUSTAQILLIGINING YIGIRMA TOʻQQIZ YILLIK BAYRAMI MUNOSABATI BILAN TATU REKTORINING TABRIGI

  • Startseite
  • VATANIMIZ MUSTAQILLIGINING YIGIRMA TOʻQQIZ YILLIK BAYRAMI MUNOSABATI BILAN TATU REKTORINING TABRIGI

Assalomu alaykum, qadrli yurtdoshlar!

Muhtaram ustozlar!

Aziz talabalar-yoshlar!

Mana shunday quvonchli kunlarda universitetimizda faoliyat yuritayotgan muhtaram ustozlarni va xodimlarni, ertamiz ishonchi boʻlgan aziz talabalarni jonajon Vatanimizning — Oʻzbekistonimizning Mustaqillik bayrami bilan chin qalbimdan oʻzim va universitet rahbariyati nomidan samimiy tabriklayman.

1991- yil 31-avgustida jonajon Vatanimiz mustaqillikka erishdi. Albatta, bu hurriyatning ortida ne-ne fidoyi, jonkuyar vatandoshlarimizning mehnatlari yotibdi.

Oʻtgan yigirma toʻqqiz yil mobaynida mamlakatimizda ham iqtisodiy, ham ijtimoiy jihatdan katta marralarga erishdi.

Ayniqsa, soʻngi yillarda Mamlakatimizning dunyo hamjamiyati oldidagi mavqiye ortib borayotgani fikrimizning dalilidir!

Muhtaram prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar natijasi oʻlaroq, bugun Respublikamizning turli jabhalarida oʻzgarishlar, yangilanishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, taʼlim tizimida qilinayotgan juda katta islohotlar shular jumlasidandir.

Muhtaram yurtboshimizning qarori bilan 2017-yilning 15-martida Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga (TATU) Muhammad al-Xorazmiy nomi berildi.

2018/2019 oʻquv yilidan boshlab TATU va uning hududiy filiallarida axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasida kadrlar tayyorlash boʻyicha oʻqitishning kredit tizimi joriy etildi.

Har bir yangi sohada boʻlgani kabi raqamli iqtisodiyotga oʻtish jarayonida ham malakali kadrlar masalasi ustuvorlik kasb etadi. Ushbu masalada yaʼni kadrlar tayyorlashda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining oʻrni beqiyosdir.

Mana shu dolzarb masalalarni amalga oshirish uchun Toshkent axborot texnologiyalari universiteti bu yilgi 2020/2021 oʻquv yilida bakalavriatning kunduzgi taʼlim shakli boʻyicha “Raqamli iqtisodiyot” (tarmoqlar va sohalar boʻyicha) taʼlim yoʻnalishi, magistratura taʼlim shaklda “Kompyuter grafikasi va dizayn”, “Kompyuter ilmlari va dasturlash texnologiyalari (yoʻnalishlar boʻyicha)”, “Geoaxborot tizimlari va texnologiyalari”, “Maʼlumotlar ilmi (Data Science)”, “Sunʼiy intellekt”, “Optik tolali tarmoqlar texnik ekspluatatsiyasi”, “Multiplikatsion filmlar texnologiyalari”, “Sunʼiy yoʻldoshli aloqa tizimlari” kabi yangi va zamonaviy taʼlim yoʻnalishlari ochildi hamda abituriyentlar qabuli amalga oshirildi.

Universitetimiz professor-oʻqituvchilari tomonidan talabalarga eng zamonaviy hamda bugungi kun uchun eng dolzarb boʻlgan AKT sohasida kadrlar tayyorlash borasidagi soʻnggi fanlardan taʼlim berib kelinmoqda. Xususan,  Professor-oʻqituvchilarimiz, talabalarimiz qilayotgan mehnatlari samarasi oʻlaroq Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi ilm-fanga ixtisoslashgan Elsevier  (Niderlandiya) kompaniyasi bilan birgalikda dunyoning eng yirik ilmiy-tahliliy maʼlumotlar bazasi boʻlgan Scopus statikasi boʻyicha oʻtgan oʻquv yilida TATU “Yilning eng sermahsul oliy taʼlim muassasasi” (“Growth of the Year”) sifatida eʼtirof etildi va taqdirlandi. Bunday yuksak natijalarni qayd etish zamirida, albatta, zahmatkash professor-oʻqituvchilarimizning, bilimga chanqoq talabalarimizning mehnatlari yotibdi! 

Mana shunday ulkan tashabbus sabab bugungi kunda universitetimiz respublikadagi eng ilgʻor oliygoh sifatida eʼtirof etilmoqda. Albatta, bunday rivojlanishlarning asosiy boʻgʻinida TATUda faoliyat yuritayotgan zahmatkash ustoz va murabbiylarning, xodimlar, oʻzining yuksak aql-zakovati bilan tahsil olayotgan talabalarning ham oʻrni beqiyosdir. Mana shunday professor-oʻqituvchilarimiz, talabalarimizning qilayotgan mehnatlari beeʼtibor qolmayotgani ham quvonchli holat, albatta! Xususan, vatanimiz mustaqilligining yigirma toʻqqiz yilligi munosabati bilan universitetimizning fizika kafedrasi professori Abdurahmonov Qahhor Fattohovich “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan,  Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan Telekommunikatsiya texnologiyalari fakulteti dekani Shaxobiddinov Alisher Shopatxiddinovich maxsus faxriy yorliq bilan, TATU Qarshi filiali 1-bosqich magistranti Qodirov Farrux Ergash oʻgʻli “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti  taqdirlandi!

Bunday eʼtibor va eʼtirof, albatta, universitetimizga berilgan yuqori baholardan biri deb hisoblayman!

Hurmatli hamkasblar, qadrli talabalar!

Yana bir bor Vatanimiz mustaqilligining yigirma toʻqqiz yillik bayrami bilan siz azizlarni va siz orqali oila aʼzolaringizni yana bir bor chin qalbimdan samimiy tabriklayman. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, xalqimiz omon boʻlsin!

Barchangizga mana shu eng ulugʻ, eng muqaddas bayram muborak boʻlsin!

To‘lqin TESHABOYEV,
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti rektori,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor.