Yoshlar o‘rtasida dasturiy ta’minot yaratish bo‘yicha tanlov e’lon qilindi

2016 yil 16 may kunidan 19 sentyabrga qadar O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, «UZINFOCOM» kompyuter va axborot texnologiyalarini joriy qilish markazi, "Kamolot” YoIH, "BePro” dasturchilar markazi MChJ, Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti hamkorlikda dasturiy ta’minot ishlanmalari bo‘yicha tanlov e’lon qiladi.

Axborot texnologiyalari bozorining muhim tarkibiy qismi bo‘lgan dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqarish va joriy etish bozori milliy iqtisodiyot samaradorligini ko‘tarishda katta imkoniyatlarga ega. Jahon amaliyotida dasturiy ta’minot hisobiga mamlakatning faol iqtisodiy rivojlanishiga oid misollar ko‘p, xususan, keyingi vaqtlarda softver sohasi milliy iqtisodiyotning yangi innovatsion tarkibiy qismiga aylanmoqda.

Dasturiy ta’minot industriyasini rivojlantirishni ta’minlashning muhim sharti sifatida mamlakatimizning yetakchi ta’lim muassasalari bazasida dasturlashtirish sohasida mutaxassislarni kompleks tayyorlash tashkil etilgan. Shu nuqtai nazardan, tanlovdan maqsad dasturiy ta’minot sohasida yosh dasturchilarni rag‘batlantirish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash, shuningdek, dasturiy mahsulotlar bozorini rivojlantirishdan iborat.

Tanlov oliy ta’lim muassasalarining talabalari, shuningdek, kasb-hunar kollejlari va akademik litsey o‘quvchilarining ishtirokida o‘tkaziladi. Tanlovni yoz faslida, o‘quvchi talabalar o‘qishdan ta’tilga chiqqan hamda ko‘plab bo‘sh vaqtlarga ega bo‘lib, uni foydali o‘tkazish mumkin bo‘lgan davrda o‘tkazilishi alohida dolzarb ahamiyatga ega. Bundan tashqari, tanlov g‘oliblarini sovrinli mukofot jamg‘armasi kutmoqda, bu esa ularning kelgusi rivojlanishlarida juda muhimdir.

Tanlovda alohida individual shaxslar ham va guruhli (to‘rt kishidan ortiq bo‘lmagan) ishtirokchilar ham qatnashishlari mumkin.

Individual va guruhli ishtirokchilar faqat bir nominatsiyada ishtirok eta oladilar (qayta ishtirok etish mumkin emas).

Tanlov 2016 yil 16 may kunidan 19 sentyabrga qadar uch bosqichda o‘tkaziladi:

1-bosqich: 2015 yil 16 may kunidan 26 avgustgacha – ishtirokchilarni ro‘yxatga olish.

2-bosqich: 2015 yil 29 avgustdan 9 sentyabrgacha – dastlabki saralash tanlovlari (final g‘oliblarini aniqlash).

3-bosqich: 2015 yil 12 sentyabrdan 19 sentyabrga qadar – yakuniy saralash tanlovlari (g‘oliblarni aniqlash).

Tanlov quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha o‘tkaziladi:

"Elektron tijorat yo‘nalishida eng yaxshi loyiha/ishlanma”;

"Ta’lim yo‘nalishida eng yaxshi loyiha/ishlanma”;

"Eng yaxshi kompyuter va mobil o‘yin”

Har bir nominatsiyada eng yaxshi loyiha aniqlanib, sovrin bilan taqdirlanadi.

Ishtirokchilarni ro‘yxatga olish va ishlanmalarni taqdim etish www.software.uz saytida onlayn rejimida amalga oshiriladi.

Ishlanmalar uchun barcha mualliflik huquqlari ishlanma egalariga tegishli hisoblanadi. Dastlabki tanishuvdan tashqari barcha tijorat yoki boshqa maqsadda foydalanish taqiqlanadi.

Ishlanma va loyihalarni baholashda ularning dolzarbligi, g‘oyaning originalligi, texnologik ishlanmaning afzalliklari, interfeys va foydalanish qulayligi, dasturiy ta’minotdan erkin foydalanish, uning ochiq kodli tizimda yaratilganligiga e’tibor qaratiladi.

 

MULOQOT UChUN:

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Axborot xizmati

Tel.: +99871 238-41-75

El.pochta: e.dalimov@mitc.uz