TATUda “HCNA HNTD R&S” mavzuida o‘quv-trening kursi boshlandi

  • Главная
  • TATUda “HCNA HNTD R&S” mavzuida o‘quv-trening kursi boshlandi

1 fevral kuni TATUda ochilgan HAINA akademiyasida 1-24 fevral kunlari davom etadigan o‘quv-trening kursi boshlandi, kursni TATUning o‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektori Agzamov F.S. kirish so‘zi bilan rasman ochib berdi.

O‘quv-trening kursi O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Xitoy Xalq Respublikasining Huawei kompaniyasi  va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamkorligida ilk bor “HCNA HNTD R&S (Huawei Certified Network Associate - Huawei Networking Technology and Device, Routing & Switching)” mavzuida o‘quv-trening kursi tashkil etilmoqda.

Ushbu O‘quv-trening kursining maqsadi: universitetning Telekommunikatsiya texnologiyalari fakultetining professor-o‘qituvchilari va talabalari uchun Huawei kompaniyasining marshrutizatorlari, kommutatorlari, tarmoqlararo ekranlari bilan ishlash bo‘yicha boshlang‘ich bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishdan iborat. Ushbu kursda 4 nafar professor-o‘qituvchilar va 16 nafar talabalar ishtirok etismoqda.

O‘quv-trening kursi haqida qisqacha ma’lumot: Yurtimizda AKT sohasida ko‘plab islohotlar amalga oshirilmoqda, jumladan, 2016 yil 17 may kuni Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va Xitoy Xalq Respublikasining Huawei kompaniyasi o‘rtasida imzolangan o‘zaro anglashuv Memorandumi asosida Toshkent axborot texnologiyalari universitetida HAINA akademiyasini tashkil etish va ushbu akademiyada “HCNA HNTD R&S” mavzuida o‘quv-trening kursini tashkil etish rejalashtirilgan edi. Shunga asosan, Huawei kompaniyasi tomonidan trener-o‘qituvchilar jalb etildi. Trener-o‘qituvchilar tomonidan 24 kun mobaynida trening mashg‘ulotlari olib boriladi, bu kelajakda telekommunikatsiya sohasini rivojlantirish uchun tarmoq injenerlari va administratorlarini tayyorlashga zamin bo‘ladi.

O‘quv-trening kursi davomida tinglovchilar Korporativ tarmoqlarni qurishning boshlang‘ich tamoyillari, IP-tarmoqlarini yaratish, Huawei qurilmalarining bazaviy konfiguratsiyasi, Kanal darajasidagi lokal tarmoqlarini boshqarish, Tarmoqlararo aloqalarni tashkil etish, Xizmatlarni joriy etish, Korporativ tarmoqlarni qurish tamoyillari, Lokal tarmoqlar: imkoniyatlar va xizmatlar, Korporativ tarmoqlarni qurishda global tarmoq texnologiyalarini qo‘llash, Korporativ tarmoqlarda xavfsizlikni ta’minlash, Korporativ tarmoqni boshqarish bo‘yicha yechimlar, IPv6 tarmoqlarini qo‘llash kabi modullar bo‘yicha nazariy bilimlarini oshirishadi va laboratoriya mashg‘ulotlarida qatnashishadi.

O‘quv-trening kursi tashkilotchilari: O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Xitoy Xalq Respublikasining Toshkent shahridagi “Huawei Tech. Investment Tashkent” korxonasi va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti.