TATUda xalqaro talabalar uchun yangi kampus ochildi

 


Bugun, 2-oktabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida xorijiy talabalar uchun mo‘ljallangan “i Campus”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

42 ta xona va 128 ta o‘ringa ega kampus Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va universitet rektori Baxtiyor Maxkamovlar tomonidan ochib berildi.

Zamonaviy kampus xorijiy talabalar uchun ta’lim olish va yashash sharoitlaridan tashqari, xalqaro muloqot, madaniy almashinuv va shaxsiy rivojlanish uchun keng imkoniyatlarni o‘zida mujassam etgan.

Bu yerda yuqori tezlikdagi Wi-Fi, milliy va xorijiy adabiyotlar, print zona, sport va ko‘ngilochar hududlar, turli to‘garaklar uchun sharoitlar hamda zarur maishiy texnika vositalari mavjud.

Shuningdek, O‘zbekistonning kechagi va bugungi tarixini aks ettiruvchi xarita hamda milliy va xorijiy madaniyatlarni namoyon etuvchi maxsus burchaklar tashkil etilgan.

Bu maskan turli mamlakatlardan kelgan yoshlarni bir muhitda jamlab, ularning O‘zbekistonni yaqindan anglashiga, mamlakatimizning boy tarixi va madaniyati bilan tanishishiga, xalqaro do‘stlik va hamkorlik aloqalarini rivojlantirishiga xizmat qiladi. Asosiy maqsad esa TATUni dunyoning turli mamlakatlaridan yoshlar intiladigan, zamonaviy bilim va xalqaro tajriba uyg‘unlashgan ta’lim maskaniga aylantirish, ta’lim xizmatlari eksportini kengaytirish hamda O‘zbekistonning xalqaro ta’lim va IT makonidagi mavqeini yanada mustahkamlashdan iborat.