Talaba uchun yana-da qulay muhit: TATUda "Yagona xizmatlar va imkoniyatlar markazi" ochildi

  • Главная
  •   Talaba uchun yana-da qulay muhit: TATUda "Yagona xizmatlar va imkoniyatlar markazi" ochildi

 Kuni kecha Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida talabalar uchun 100 dan ortiq xizmat turini bir joyga jamlagan "Yagona xizmatlar va imkoniyatlar markazi"ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

🇺🇿 Tadbirda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Ayubxon Sultonov, soha korxonalari rahbarlari, universitet jamoasi, hamda talabalar ishtirok etdi.

  Tadbirda so‘zga chiqqan mutasaddilar Yangi O‘zbekistonda yoshlarga qaratilayotgan yuksak e’tibor, ularning sifatli ta’lim olishi va zamonaviy bilimlarni egallashi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlarga alohida to‘xtaldilar.

  Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan yoshlarga bildirilayotgan ishonch — ularga yuklatilayotgan yuksak mas’uliyatdir. Shu bois talabalarga munosib ta’lim muhitini yaratish, ularning vaqtini qadrlash va universitet xizmatlaridan foydalanishni qulaylashtirish muhim vazifalardan biridir.


  Aynan shu maqsadda tashkil etilgan Yagona xizmatlar va imkoniyatlar markazi talabaning vaqtini tejash, ortiqcha ovoragarchilik va qog‘ozbozlikni kamaytirish hamda universitet xizmatlaridan tezkor foydalanish imkonini beradi.

🔝 Markazda jami 101 ta xizmat yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ularning 70 foizi raqamlashtirilgan. Bu esa xizmatlardan foydalanish jarayonini yanada tezkor va qulay tashkil etish imkonini bermoqda.

📈 Markaz faoliyatiga bo‘lgan ehtiyojni murojaatlar soni ham ko‘rsatib turibdi. O‘tgan o‘quv yili davomida markazga qariyb 32 mingta murojaat kelib tushgan. 2026/2027-o‘quv yilida esa ushbu ko‘rsatkich 45 mingdan oshishi kutilmoqda. Bu esa talabalar uchun yagona va qulay xizmat ko‘rsatish tizimini rivojlantirishning naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi.

🤗  Shu bilan birga, markaz tasarrufida “Ona va bola” hududi ham tashkil etildi. Bu esa universitetda talaba-yoshlar, xususan, qizlar va ayollar uchun ham qulay sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilayotganining amaliy ifodasidir.

  Bugun IT sohasida o‘z o‘rnini topishga intilayotgan qizlar safi kengayib borayotgan bir paytda, ular uchun zarur sharoitlarni yaratish ham muhim vazifalardan biridir.