25 mart kuni Qarshi muxandislik-iqtisodiyot institutida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlisining 2016 yil 23 fevraldagi 17-son bayoni hamda Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligining 99-sonli buyrug'i ijrosini ta'minlash maqsadida, "Elektron ta'lim" mavzusi doirasida "UNISIS - o'quv jarayonini monitoringi axborot tizimi” mavzusida seminar o'tkazildi. Ushbu seminarda Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti o'quv ishlari bo'yicha birinchi prorektor X.M. Bobomurodov va TATUning AKT bo'yicha maslahatchi prorektori Lee Chul Soo lar ishtirok etdilar.
Seminarda "Elektron ta'lim” tizimi doirasida ta'lim jarayonida axborot texnologiyalarini joriy etish yuzasidan bajarilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar, elektron ta'lim tizimini joriy etishda professor-o'qituvchilarning ma'suliyatini yanada oshirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.
Toshkent axborot texnologiyalari universiteti prorektori, AKT bo'yicha maslahatchi Lee Chul Soo tomonidan "Elektron hukumat va elektron ta'lim bo'yicha Koreya tajribasi” mavzusida taqdimot o'tkazildi. Janob Chul Soo LEE o'z taqdimotida asosiy e'tiborni Koreyaning ta'lim tizimida axborot texnologiyalarini qo'llanilishi va uning mamlakat elektron hukumat tizimi bilan qanchalik darajada bog'langanligi hamda ta'limga oid interaktiv xizmatlar ko'rsatilish holatiga qaratdi. Shuningdek, zamonaviy ta'lim va o'quv jarayonini axborot texnologiyalari orqali samarali tashkil etish, elektron kitoblardan foydalanish, bu borada o'qituvchining AKTdan foydalanish malakasi haqida fikr yuritdi.
TATU o'quv ishlari bo'yicha birinchi prorektori X.M.Bobomurodov Toshkent axborot texnologiyalari universitetida "UNISYS – o'quv jarayoni monitoringi axborot tizimi"ning joriy etilishi tajribasi bilan tanishtirdi. Taqdimotda xususan bugungi kunda, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti ta'lim jarayonida qo'llanilayotgan axborot tizimlari va interaktiv hizmatlar haqida Qarshi muxandislik-iqtisodiyot instituti hamda Qarshi Davlat universiteti rahbariyati va professor-o'qituvchilariga atroflicha axborotlar berildi.