2016 yil 16 noyabr kuni Toshkent axborot texnologiyalari universitetida ERASMUS+ TechReh loyihasi doirasida ochiq anjuman bo‘lib o‘tdi. “Axborot-kutubxona tizimlari” kafedrasi va ERASMUS+ ofisi hamkorligida tashkil etilgan anjumanda bir qator Yevropa universitetlari va kompaniyalari vakillari, yurtimizdagi tibbiyot mutaxassislari va TATU professor-o‘qituvchilari ishtirok etdilar.
Anjuman doirasida Fransiyaning Pyer va Mariya Kyuri universitetidan professor Veronika Perderu (Veronique Perdereau), loyiha koordinatori Italiyaning Sannio universiteti professori Paskuale Daponte (Pasquale Daponte), TATU professori Raxmatullayev Marat Alimovich va AKT kafedrasi mudiri Ganiyeva Barno Ilxomovnalar o‘z ma’ruzalari bilan loyiha faoliyatidagi vazifalar to‘g‘risida ma’lumot berdilar.
Kunning ikkinchi yarmida Portugaliyaning PLUX – Wireless Biosignals S.A. kompaniyasi vakili doktor Ugo Silva (Hugo Silva) va Italiyaning Sannio universitetidan doktor Janluka Mazilli (Gianluca Mazilli) tomonidan «Tibbiyotda axborot texnologiyalari» mavzusida mahorat darsi o‘tkazildi. Ushbu mahorat darsida reabilitatsiyada zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish, bioto‘lqinlar monitoringi, inson tana harakatini 3D texnologiyalar yordamida kuzatish platformalarining tuzilishi va ishlash prinsiplari hamda ularni ta’limda va ilmiy tadqiqotlarda qo‘llash usullari namoyish qilindi. Master klassda TATU doktorantlari, ilmiy izlanuvchilar va talabalar ishtirok etdilar.
TechReh loyihasining asosiy maqsadi – reabilitatsiya faoliyatida yangi uslublar va yangi texnologik uskunalarni qo‘llash uchun asos yaratish.
Loyiha quyidagi dolzarb vazifalarni yechishga qaratilgan:
• Tibbiyot sohasida yangi axborot texnologiyalari va telekommunikatsiya vositalarini tadbiq qilish. Maxsus uskunalarni o‘rnatish va sozlash;
• Magistrlik dasturini amalga oshirish. Tibbiyotda AKTdan foydalanish, tibbiy ma’lumot bazalari, robototexnika, injiniring, teletibbiyot, tibbiy reabilitatsiya kabi sohalar uchun yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash;
• Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tajribasini o‘rganish hamda tibbiy markazlar va tegishli oliy ta’lim muassasalarida zamonaviy texnologiyalar, maxsus uskunalar va metodlarni joriy etish yordamida O‘zbekistonda tibbiy reabilitatsiyaning samaradorligini oshirish.
15-19 noyabr kunlariga mo‘ljallangan TechReh loyihasi anjumanlari Toshkent pediatriya tibbiyot instituti va uning Nukus filialida davom etadi.