Temuriylar tarixi davlat muzeyi ochilganiga 21 yil bo‘ldi

  • Startseite
  • Temuriylar tarixi davlat muzeyi ochilganiga 21 yil bo‘ldi

1996 yil 18 oktyabrda Temuriylar tarixi davlat muzeyi ochilgan kun. Ushbu sana munosabati bilan TATUning bir guruh talaba-yoshlari ushbu muzeyga tashrif buyurishdi.

«Temuriylar tarixi davlat muzeyi Sohibqiron Amir Temur shaxsiyatiga nisbatan yurtimizda tarixiy adolat tantana qilganining yana bir amaliy isbotidir. Bu muzeyda bizning o‘tmishimiz ham, bugungi kunimiz va buyuk istiqbolimiz ham bamisoli ko‘zguda aks etgandek namoyon bo‘ladi. Kimki o‘zbek nomini, o‘zbek millatining kuch-qudratini, adolatparvarligini, cheksiz imkoniyatlarini, uning umumbashariyat rivojiga qo‘shgan hissasini, shu asosda kelajakka ishonchini anglamoqchi bo‘lsa, Amir Temur siymosini eslashi kerak». Bu – Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning Toshkent shahrida Temuriylar tarixi davlat muzeyi ochilgan kunda, ya’ni, 1996 yil 18 oktyabrda «Faxriy mehmonlar kitobi»ga yozgan tarixiy dastxati...

Amir Temur ham, Islom Karimov ham tarix sahnasiga chiqib, nafaqat elimizni mustamlakachilar istibdodidan ozod qildi, balki xalqimizning g‘ururini tiklash, dunyoda qudratli davlatga asos solish, tinchlik, bunyodkorlik, barqarorlik va farovonlik yo‘lida kurashishdek juda og‘ir va murakkab vazifani sharaf bilan ado etdi.

Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng Prezidentimiz Islom Karimov ma’naviy tiklanish va yangilanish islohotlarini ulug‘ ajdodlarimiz, xususan, Amir Temur bobomizning muborak nomi, boy merosi, xotirasi va tarixiy siymosini tiklash asosiga qurdi.

1996 yil 14 martda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Temuriylar tarixi davlat muzeyini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingach, Birinchi Prezidentimiz bu muzey me’moriy shakli, tuzilishi haqida me’morlar, tarixchilar, ijodkorlar va ziyolilar bilan kengashdi. O‘shanda Islom Karimov bu muzey saroy va toj shaklini ifoda etishi, mamlakatimiz arxitektura san’atida durdona asar bo‘lishi kerakligini aytdi. Qurilish ishlari jadal boshlandi. Prezidentimiz bu yerga tez-tez kelar, muzey qurilishidagi har bir detalga qiziqib, so‘rab-surishtirar va har gal uning me’moriy yechimida hal qiluvchi fikrlarni aytar edi. Shu bois muzey juda qisqa vaqtda – sakkiz oyda bunyod etildi.

Muzeyga kelgan har bir yurtdoshimiz, ayniqsa, yoshlar bu yerdagi har bir detalni tayyorlashga Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov bosh-qosh bo‘lganini yoddan chiqarmasligi kerak. Muzey dastlab ishga tushgan vaqtda bu dargohga kirib chiqqan yoshlarning qiyofasini kuzatdim: o‘z tarixini, qanday ulug‘ zotlarning avlodi ekanini bilgan nigohlardagi hayratni ko‘rsangiz...

Ha, 1996 yil 18 oktyabr sanasi chindan ham xalqimiz tarixida unutilmas bayram bo‘lgan. O‘sha kuni Toshkentda Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Samarqand va Shahrisabz shaharlarida Amir Temur haykallari ochilgan, bu muazzam shaharlar Amir Temur ordeni bilan mukofotlangan. Barcha tadbirda Birinchi Prezidentimiz qatnashib, nutq so‘zlagan.

– Muzeyimizda 5 mingdan ziyod eksponatlar bor, – deydi Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori Xurshid Fayziyev. – Ular orasida miloddan avvalgi 2 mingyillikka oid Sopollitepa va Jarqo‘ton topilmalari, Dalvarzintepaning milodiy I asrga oid oltin buyumlari, Afrosiyob va Toshkentdan topilgan X-XI asrga oid sopol idishlar, Amir Temur va temuriylar davriga oid ko‘plab noyob qo‘lyozmalar, rasmiy hujjatlar, kumush va mis tangalar, sopol idishlar, mis buyumlar, me’moriy qoplamalar, qurol-yarog‘, cholg‘u asboblari, etnografik buyumlar mavjud. So‘nggi uch yilda muzeydagi ekskursiyalar soni 10 mingdan ortdi. Muzey sayti (temurid.uz) o‘zbek, rus, ingliz tillarida ishlab turibdi. Bu yil “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati bilan hamkorlikda muzeyning to‘liq virtual ko‘rinishi yaratildi. Unda muzey zallari bo‘ylab sayohat va eksponatlar zamonaviy 3D shaklda namoyon bo‘ladi. Muzey, Birinchi Prezidentimiz orzu qilganidek, ilmiy markazga aylandi. Ilmiy xodimlarimiz hozirgacha o‘ndan ziyod mavzularda ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirdi. Yubiley albomlari, to‘plamlar, monografiyalar nashr etilmoqda.

...Yillar, asrlar o‘tadi. Xalqimiz omon ekan, mamlakatimiz shon-shavkatini yuksaltirish, xalqimiz turmushini farovon etish, farzandlarimiz kamoloti yo‘lida kurashgan Amir Temur va Islom Karimov nomlari yonma-yon tilga olinaveradi. Zotan, xalqimizning tinch, to‘kin va barqaror hayoti, yorug‘ kelajagi yo‘lida fidoyilik va jasorat ko‘rsatgan Xaloskor qahramonlar nomi haqli ravishda abadiyatga daxldordir.