TATUda “Diniy ekstremizm, terrorizm va uning salbiy oqibatlari” mavzusida profilaktik tadbir

  • Startseite
  • TATUda “Diniy ekstremizm, terrorizm va uning salbiy oqibatlari” mavzusida profilaktik tadbir
30 noyabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar o‘rtasida “Diniy ekstremizm, terrorizm va uning salbiy oqibatlari” mavzusida profilaktik tadbir o‘tkazildi. Tadbirda OO‘MTV Ma’naviy axloqiy tarbiya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari N.R. Raxmonov, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha Qo‘mitasi xodimi B. Soipov, universitet rektori T.Teshabayev, MATI prorektori X.Umarov, 31 nafar professor-o‘qituvchi va fakultetlar dekan muovinlari hamda 365 nafar talaba va maxsus fakultet kursantlari ishtirok etdilar.
Tadbirni MATI prorektori X.Umarov kirish so‘zi bilanochib, yig‘ilganlarga OO‘MTV Ma’naviy axloqiy tarbiya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari N.R. Raxmonov va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha Qo‘mitasi xodimi B.Soipovlar bilan tanishtirdi. So‘ngra o‘tkaziladigan tadbirni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad haqida gapirib o‘tdi: Dunyoning turli davlatlarida millatlararo, etnik va diniy asosdagi qarama-qarshiliklar, ichki va mintaqaviy mojarolarning avj olayotgani kuzatilayotgan davrda, ularni bartaraf etish uchun ma’naviy yuksaklik va diniy bag‘rikenglik qadimdan qaror topgan O‘zbekistonning ibratli tajribasini muvaffaqiyat bilan qo‘llash mumkin.



Bu turli dinga mansub xalqlarning ko‘p millatli davlat sharoitida tinchlik va totuvlikda yashay olishi tajribasidir. Qadimdan bu yerda islom, xristianlik, yahudiylik, buddaviylik va boshqa dinlar vakillari totuvlikda hayot kechirgan, diniy nizo, odamlarni millati va diniy mansubligiga qarab ayirish hollari bo‘lmagan. Mustaqillik yillarida ham ushbu ezgutarixiy an’ana davom etmoqda. Shu bilan birga, diniy bag‘rikenglik va hamjihatlik – tinchlikning garovi ekanini inobatga olib, O‘zbekistonda turli dinlarga mansub qadriyatlarni asrab-avaylashga, barcha fuqarolarga o‘z e’tiqodini amalga oshirish uchun zarur sharoitlarni yaratib berishga, dinlar va millatlararo hamjihatlikniyanada mustahkamlashga, ular o‘rtasidagi qadimiy mushtarak an’analarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada amalga oshirilgan ishlar, qabul qilingan qonunlar va ularning ijrosi, o‘tkazilgan tadbir va anjumanlar, ularda bildirilgan fikrlarni o‘rganish alohida e’tiborga molikdir. Ming afsuski, ana shunday tinchligimizni ko‘ra olmayotgan ayrim kuchlar bizning Vatandoshlarimizni to‘g‘ri yo‘ldan chiqarib, o‘zlarining g‘arazli maqsadlari yo‘lida foydalanmoqdalar. Bugungi tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad ham yoshlarimizni ogohlikka chaqirish, ularning birinchi galdagi vazifasi faqat ilm olish, Vatani ravnaqini rivojlantirish yo‘lida o‘zining munosib hissasini qo‘sha oladigan yetuk mutaxassis bo‘lib yetishish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini ayamasliklarini targ‘ib qilishdan iborat ekanligi ta’kidlab o‘tildi.
Shundan so‘ng, so‘z O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha Qo‘mitasi xodimi B.Soipovga berildi.



U o‘z so‘zida quyidagilar haqida gapirib o‘tdi: Hech kimga sir emas, biz hozir tarixiy taqdirimizning nihoyatda muhim va murakkab davrini boshdan kechirmoqdamiz. Butun dunyo tan olgan mustaqilligimiz tufayli asrlar osha davom etgan dahshatli tanazzul va mustamlaka balolaridan xalos bo‘lmoqdamiz. Qur’oni karimda o‘zining chuqur ifodasini topgan insonni imonli, e’tiqodli, vijdonli, halol, pok, mehr-oqibatli qilish biz olib borayotgan siyosatning asosi bo‘lib turadi. Lekin bizning o‘sha kimlargadir qaram bo‘lishimizni istaydigan makkor va qo‘poruvchi kuchlar, kimsalar tarix sahnasidan ketgan emas. Ular yoshlarimizni o‘z ig‘volari domiga tortish yo‘li bilan o‘z qora niyatlarini amalga oshirishga intilmoqdalar. Bizning erkinligimiz va mustaqilligimizni ko‘rolmaydigan baxil kishilar mo‘tabar ota-onalarimiz, ulug‘larimiz, mahalla, hatto ba’zan din ahlini nizo girdobiga tortishga, mazhablar orasida janjal ko‘tarib, fojia chiqarishga harakat qilmoqdalar. Bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Buning uchun barcha hushyor bo‘lishi zarur. Bunda ota-onalarimiz, ulug‘larimiz, mahalla oqsoqollarimizning bu ishdagi ko‘magi beqiyos bo‘ladi.
Diniy konfessiya deganda muayyan diniy ta’limot doirasida shakllangan va o‘ziga xos xususiyatlarga ega e’tiqod va ushbu e’tiqodga ergashuvchilar jamoasi tushuniladi. Bir din doirasida yuzaga kelgan bo‘lsa-da, aqidalar borasida farqlanadigan jamoalar ham diniy konfessiyalar jumlasiga kiradi. Diniy konfessiyalar manzarasi rang-barangligini O‘zbekistonda rasman ro‘yxatdan o‘tib faoliyat yuritayotgan diniy konfessiyalar misolida ham ko‘rish mumkin. Xristianlikka mansub bo‘lsa-da, yurtimizdagi 11 ta yo‘nalishning har biri o‘zini alohida diniy konfessiya, deb hisoblashi fikrimizning isboti bo‘la oladi. Shuni inobatga olgan holda, mutaxassislar hozirgi kunda dunyoda taxminan 1000 dan ortiq diniy konfessiyalar mavjud, deb hisoblaydi.
Bugungi kunda mutaassib guruhlar o‘z g‘arazli maqsadlarini amalga oshirishda islom dinidagi ba’zi tushuncha va g‘oyalardan foydalanmoqdalar.



Bularga takfir, jihod, hijrat, shahidlik va boshqa shu kabi tushunchalarni misol tariqasida keltirish mumkin. Jumladan, Takfir. “Kufr” so‘zi berkitmoq, kofir bo‘lmoq, dinsiz bo‘lmoq ma’nolarni anglatib, imonning aksi hisoblanadi.



Qalbida umuman imoni bo‘lmagan shaxs esa “kofir” deyiladi. Imom Dovuddan rivoyat qilingan hadisda shunday deyiladi: “Uch narsa imonning aslidir: “La ilaha illalloh (Allohdan boshqa iloh yo‘q!)” degan kimsaga tegmaslik; gunohi tufayli uni kufrda ayblamaslik; amali tufayli uni islomdan chiqarmaslik”. Boshqa bir rivoyatda, “Kimda kim o‘z birodarini “kofir” yoki “fosiq” desa, agar o‘sha insonda shu narsa topilmasa, aytgan insonning o‘zi shunday bo‘libdi”, deb ta’kidlangan. Gunohi kabira (katta gunoh) qilgan kishilarni “kofir”likda ayblash va begunoh musulmonlar (hatto ayollar va bolalar)ning qonini to‘kishi bilan tanilgan “Xorijiylar” islom tarixidagi ana shunday guruhlarning dastlabkisi edi. Bugun ham aksar terrorchi tashkilotlar yuqoridagi g‘oyalarni o‘zlari uchun dasturul amal qilib olgani sir emas, albatta.
Jihodga to‘xtaladigan bo‘lsak, diniy istilohga ko‘ra, jihodning ota-onaga xizmat qilish, nafs, shayton va yov bilan kurashishdek turlari mavjudligi, ularning mazmun-mohiyati haqida mo‘tabar manbalarda yetarlicha tushuntirish berilgan. Jumladan, Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda: “Jihodning afzali, kishi Alloh yo‘lida o‘z nafsi va xohishiga qarshi qiladigan ko‘rashishidir”, deyilgan. Boshqa bir hadisda esa shunday deyiladi: “Bir kishi Rasululloh (s.a.v.)ga: «Men jihodda qatnashmoqchiman», dedi. U zot (s.a.v.): «Ota-onang bormi?» deb so‘radilar. «Ha», deb javob qildi u kishi. Shunda Payg‘ambar (s.a.v.): “Ularning huzuriga borib, yordam ber, xizmatini qil! Shu sening jihodingdir”, dedilar”.
«Hijrat» so‘zi esa lug‘atda «bir joydan ikkinchi joyga ko‘chish», «tark qilish» ma’nolarini anglatadi. Istilohda esa, Rasululloh alayhissalom davrlaridagi musulmonlarning Habashistonga, keyinchalik Rasululloh alayhissalom o‘zlari boshchiligida Madinaga ko‘chib o‘tishlariga aytiladi. Hijratning yana bir ma’nosi bo‘lib, unga ko‘ra, inson gunohlardan o‘zini tiyishi va ularni tark qilishi tushuniladi.
Aqidaparast guruhlar hijrat tushunchasini o‘z mafkuraviy qarashlariga mos ravishda noto‘g‘ri talqin qilmoqdalar. Bu kuchlar taassubga berilgan shaxslarni dunyoning notinchlik hukm surayotgan va o‘zlari qo‘nim topgan mintaqalariga jamlash va shu orqali rejalashtirilgan geosiyosiy maqsadlarni amalga oshirishga intilishyapti. Xususan, ular ilm va ma’rifatdan yiroq johil kimsalarni islom diyori bo‘lgan, azon aytiladigan, juma va hayit namozlari o‘qiladigan, xullas, islomning besh arkoni emin-erkin ado etiladigan, musulmonlar tinchlik-xotirjamlikda hayot kechirayotgan Vatanni tark etishga targ‘ib qilmoqdalar. Vaholanki, ona yurtini tashlab, o‘zga ellarda sarson-sargardon yurish, o‘zi kabi manqurt shaxslar bilan birlashib, kindik qoni to‘kilgan yurtiga qarshi qurol ko‘tarish islom ta’limotiga zid ekani barchaga ma’lum.
Ma’lumki, «shahid» so‘zi – «guvohlik, hozir bo‘lmoq» kabi ma’nolarni anglatadi. Ulamolar ushbu darajaga erishgan insonlarga jannat yoki ko‘plab yaxshiliklar bashorat qilinganiga farishtalar guvoh, ya’ni, shohid bo‘lgani sababli, aynan ushbu so‘z ishlatilgan, deb ta’kidlandi.
Shundan so‘ng, so‘z OO‘MTV Ma’naviy axloqiy tarbiya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari N.Raxmonovna berildi.



U jumladan shunday dedi: Mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik, dinlararo bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik hamda hamjihatlik yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida amalga oshirilayotgan ezgu ishlarning mustahkam asosi bo‘lib xizmat qilmoqda. Markaziy Osiyo mintaqasida diniy mutaassib oqimlar faoliyati XX asrning 80-yillari boshlarida xorijiy ekstremistik markazlar sa’y-harakatlari bilan shakllana boshladi. Mintaqada xorijdan kelayotgan moliyaviy yordam hisobiga jangari sifatida foydalaniladigan shaxslarni tanlash va tayyorlash bilan shug‘ullanadigan guruhlar paydo bo‘ldi.
Markaziy Osiyo respublikalari mustaqillikka erishgan 1990-yillarning boshlarida esa, bu guruhlar faollashib ketdi. Shuning natijasida, mintaqada diniy ekstremizm asosan firqabozlikka asoslangan yangi guruhlarning paydo bo‘lishi, norasmiy yo‘l bilan diniy saboq berish, noqonuniy tarzda diniy mahsulotlar tayyorlash, olib kirish, tarqatish, missionerlik va prozelitizmning avj olishi kabi ko‘rinishlarda namoyon bo‘ldi.
Diniy ekstremizm va terrorizmning jamiyat barqarorligi rivojiga ko‘rsatgan salbiy ta’siri Markaziy Osiyo mintaqasida faoliyati kuzatilgan bir qancha mutaassib harakatlarning maqsadi tahlil qilinganida yanada yaqqol namoyon bo‘ladi. Mintaqada asosan «Hizbut-tahrir», «Turkiston islom harakati», «Akromiylar», «Nurchilar», «Islomiy jihod ittihodi» kabi guruhlarning faoliyati kuzatildi.
O‘zbekistonda diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha salmoqli tajriba to‘plangan. Mazkur tajribadan kelib chiqadigan eng asosiy xulosa shuki, diniy ekstremizm va terrorizm bilan kurashda, asosan, huquq-tartibot organlariga suyanish, faqat jazo choralarini qo‘llash orqali unga barham berishga intilish mazkur salbiy hodisaning oqibati bilangina kurashish deganidir. Boshqacha aytganda, bunday yo‘ldan borilsa, diniy ekstremizm va terrorizmni oziqlantirib turgan «ildiz»lar zararlanmay qolaveradi, ma’lum bir davr o‘tishi bilan ular yangi «kurtak»lar berishda davom etaveradi.
Ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashda hamma ogoh bo‘lib, barcha fuqarolar birlashib kurashilsa hech qanday g‘ov tanlagan yo‘limizdan qaytara olmaydi.
Shundan so‘ng universitet rektori T.Z.Teshabayev so‘zga chiqdi: yuqoridagi ma’ruzachilar tomonidan ta’kidlab o‘tilganidek, xalqaro terrorchilik va diniy ekstremizmga qarshi kurashishda uning moliyaviy asoslariga va ayniqsa, mafkuraviy negizlariga qarshi kurashmoq faoliyatning samaradorligini ta’minlaydi. Shunda siyosiy, harbiy, huquqiy sohalardagi ortiqcha harakatlarga o‘rin qolmaydi va bunga sarflanadigan sa’y-harakatlarni boshqa yaratuvchilik ishlariga jalb etish mumkin bo‘ladi.



Bugun O‘zbekiston rivojlanishning yangi bosqichiga ko‘tarildi, desak hech ham mubolag‘a qilmaygan bo‘lamiz. Bugun hukumatimizning, qolaversa, davlat rahbarimizning ham i shonchi siz yoshlarda! Sizlar uchun keng imkoniyatlar yaratildi, sizning bugungi vazifangiz faqat bilim olish, o‘z sohasining yetuk mutaxassisi bo‘lib yetishish uchun harakat qilishdir. Unutmang, bugun Sizning komil inson bo‘lib yetishishdagi va Vatan raqnaqi yo‘lidagi har bir harakatingiz yuqori baholanadi, Vatan ravnaqiga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashash har birimizning burchimiz bo‘lishi kerak, deya ta’kidlab o‘tdi.



Tadbir davomida yig‘ilganlarga “Iztirob” nomli film namoyish etildi. Tadbir so‘nggida talabalar: F.Nabiyeva, U.Qobilov, N.Omonova, F.Atavullayeva, kursant Xolmurodovlar ham so‘zga chiqib, tadbirdan olgan taassurotlari va o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdilar.



Uchrashuv-suhbat so‘nggida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldilar va bu kabi uchrashuv va tadbirlarni talaba-yoshlar o‘rtasida tez-tez o‘tkazib turish yuzasidan kelishib olindi.