Janubiy Koreyaning Sungkyunkvan universiteti delegatsiyasi TATUning Qarshi filialida

  • Asosiy
  • Janubiy Koreyaning Sungkyunkvan universiteti delegatsiyasi TATUning Qarshi filialida

Janubiy Koreyaning Milliy axborot jamiyati agentligi (NIA) hamda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti o‘rtasida imzolangan Memorandum asosida Sungkyunkvan universitetining professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlaridan tashkil topgan ko‘ngillilar delegatsiyasi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi TATU Qarshi filialiga tashrif buyurib, talaba-yoshlar uchun “AKT sohasida dasturiy ta’minotlar” mavzusida o‘quv-trening kurslarini olib bordi.

Joriy yilning 1 - iyuldan 20 - iyulgacha davom etgan o‘quv kurslarida turistlar uchun mobil ilovalarni yaratish, Java dasturlash tili, android operatsion tizimi, Arduino (unchalik katta bo‘lmagan plata bo‘lib o‘zining protsessori (mikrokontrolleri) va xotirasiga ega bo‘lgan qurilma) yordamida robototexnika qurilmalarini yaratish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar olib borildi.


O‘quv-trening kurslarida faol ishtirok etgan talaba-yoshlar va professor-o‘qituvchilarga Sungkyunkvan universiteti rahbariyatining maxsus sertifikatlari topshirildi. Tadbir yakunida ikki universitet o‘rtasida ikki tomonlama tajriba almashish va hamkorlik ishlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha o‘zaro shartnoma imzolandi.

- Albatta, men va talabalarim TATU Qarshi filialida bo‘lganimizdan juda hursandmiz. O‘tkazilgan o‘quv-trening kurslarida o‘z bilim va tajribalarimiz bilan o‘rtoqlashdik, shu bilan birgalikda ilmiy salohiyatimizni oshirdik. Biz dasturlash sohasida, hususan, robototexnika bo‘yicha bilganlarimizni o‘rgatganligimizdan mamnunmiz. Shuningdek, o‘zbek xalqi juda ham mehmondo‘st ekan. Bizga o‘zbek milliy taomlari juda ham yoqdi. Mehmondo‘stlik uchun alohida tashakkur aytaman, kelgusida TATU Qarshi filiali bilan hamkorlik ishlarini yo‘lga qo‘yish niyatidamiz - deydi Sungkyunkvan universiteti professor Hwang Dae Joon.


Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Sungkyunkvan Janubiy Koreyaning eng qadimgi universiteti bo‘lib, mazkur universitet 1398 yilda tashkil etilgan. Sungkyunkvan universiteti xalqaro eng yaxshi oliy o‘quv yurtlari reytingida yuqori o‘rinlarda turadi. Universitet "San’at va gumanitar fanlar", "Muhandislik va texnologiya", "Tibbiyot", "Tabiiy fanlar","Ijtimoiy fanlar va menejment","Fizika" hamda "Kimyo" kabi sohalarni qamrab olgan.

TATU Qarshi filiali matbuot xizmati