“2017 yil - xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”

2016 yil 7 dekabrda “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 24 yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda davlat va jamoat arboblari, fan, madaniyat va san’at namoyondalari, jamoatchilik va yoshlar vakillari, yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy davlatlarning elchixonalari va xalqaro tashkilotlar vkolatxonalarining vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev ma’ruza qildi. Prezidentimiz o‘z ma’ruzasida kirib kelayotgan yangi – 2017 yilni “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb nomlashni taklif etdi va bu taklif yig‘ilganlar tomonidan gulduros qarsaklar bilan qo‘llab-quvvatlandi.
Tadbirda Prezidentimiz tomonidan quyidagilar ta’kidlandi: “Bugun hayotimizning o‘zi Konstitutsiyamizda ifodasini topgan eng asosiy maqsad - inson manfaatlarini har tomonlama ta’minlash masalasini dolzarb vazifa qilib qo‘ymoqda. Inson manfaatlarini ta’minlash uchun esa, avvalo, odamlar bilan, xalq bilan muloqot qilish, ularning dardu tashvishlari, orzu-niyatlari, hayotiy muammo va ehtiyojlarini yaxshi bilish kerak... Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xilqimizga xizmat qilishi kerak va bu haqiqatni, avvalo, barcha bo‘g‘indagi rahbarlar yaxshi tushunib olishi zarur...
Avvalo, “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”ning asosiy maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda, davlat organlarining fuqarolar bilan o‘zaro munosabatlari yuzasidan yondashuvni tubdan qayta ko‘rib chiqish zarur. Bu borada aholi bilan doimiy muloqot qilish, ularni qiynayotgan muammolarni hal etishning yangi mexanizmlari va samarali usullarini joriy etishimiz darkor... Bayon qilingan ustuvor vazifalar davlat boshqaruvi tizimini bugungi va ertangi kun talablaridan kelib chiqib, yanada takomillashtirishni taqazo etadi. Bu borada 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan, O‘zbekiston Respublikasi ma’muriy boshqaruv sohasidagi islohotlar konsepsiyasini qabul qilish ko‘zda tutilmoqda. Ushbu konsepsiyaga muvofiq, davlat boshqaruvi organlari tuzilmasini, vazifa va vakolatlarini optimallashtirish, ularning o‘ziga xos bo‘lmagan, takrorlanadigan funksiyalarini hamda xodimlar umumiy sonini qisqartirish, shuningdek, davlatning intiqodiyotni boshqrishdagi rolini keskin kamaytirish bo‘yicha aniq tadbirlar amalga oshiriladi...”
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 1997 yildan boshlab har bir yilga shu davr ichida taraqqiyotning muhim yo‘nalishlarini ifoda etadigan nom berish an’anaga aylangan. 1997-2016-yillar oralig‘ida yillarga quyidagicha nom berilgan:


2016-yil — Sog'lom ona va bola yili
2015-yil — Keksalarni e’zozlash yili
2014-yil — Sog‘lom bola yili
2013-yil — Obod turmush yili
2012-yil — Mustahkam oila yili
2011-yil — Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili
2010-yil — Barkamol avlod yili
2009-yil — Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili
2008-yil — Yoshlar yili
2007-yil — Ijtimoiy himoya yili
2006-yil — Homiylar va shifokorlar yili
2005-yil — Sihat-salomatlik yili
2004-yil — Mehr va muruvvat yili
2003-yil — Obod mahalla yili
2002-yil — Qariyalarni qadrlash yili
2001-yil — Onalar va bolalar yili
2000-yil — Sog‘lom avlod yili
1999-yil — Ayollar yili
1998-yil — Oila yili
1997-yil — Inson manfaatlari yili